O‘zbekiston milliy axborot agentligi (O‘zA) Sobira Xoldarova ismli sun’iy intellektga asoslangan virtual suxandon ishga tushirilganini ma’lum qildi.

U so‘nggi yangiliklarni to‘qqizta — o‘zbek, ingliz, rus, fransuz, arab, xitoy, nemis, ispan, qozoq tillarida o‘qib beradi.

дилдора абдухалилоva, jurnalistika, соbirа холдороva, sun’iy intellekt, ўза

Sun’iy intellekt asosida suxandon yaratish uchun jurnalist Dildora Abduxalilovaning prototipidan foydalanilgan. Loyiha We Digital Agency tomonidan ishlab chiqilgan.

“Mazkur muxbirga bejizga Sobira Xoldorova deya nom qo‘yilmadi. Chunki Sobira Xoldorova Markaziy Osiyo va O‘zbekistondagi birinchi professional ayol jurnalisti bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Sobira Xoldorova 1907-yilda Namangan viloyatining Chust shahrida kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan. 1923-yilda Toshkentga kelib, xotin-qizlar maorif institutida ikki yil davomida ta’lim olgan. Keyinchalik Moskvadagi Oliy jurnalistika institutida o‘qigan.

дилдора абдухалилоva, jurnalistika, соbirа холдороva, sun’iy intellekt, ўза

Toshkentga qaytgach, bir qancha gazeta, jurnal tahririyatlarida ishlagan. 1937-yilda “burjua elementlar bilan aloqaga yo‘l qo‘ygan, ogohlikni yo‘qotgan” degan ayblovlar bilan qamoqqa olingan. 1940-yil 5-dekabr kuni Yakutiyaga 10 yilga surgun qilingan. Sobira Xoldorovaning turmush o‘rtog‘i Mo‘min Usmonov esa 1938-yil 4-oktabrda otib tashlangan. Surgun to‘g‘risidagi sud hukmidan so‘ng farzandlari Po‘lat va Manzura bolalar uyiga topshirilgan.

1955-yilda qamoqdan qaytgan Sobira Xoldorova 1984-yilda vafot etgan. O‘g‘li Po‘lat Usmonov ikkinchi jahon urushidan yarador bo‘lib qaytgan. Qizi Manzura Usmonova — fizika-matematika fanlari doktori.

“Sun’iy intellekt asosida yaratilgan muxbirga Sobira Xoldorova nomini qo‘yishdan maqsad qatag‘on qurboni bo‘lgan birinchi o‘zbek ayol jurnalistining yorqin xotirasini tiklashdir”, — deyiladi xabarda.

O‘zA nomidan tarqatilishi mumkin bo‘lgan soxta videoroliklardan himoyalanish maqsadida har bir videoga QR kod kiritiladi, bu orqali ushbu videoning matnini agentlik saytidan tekshirish mumkin.