23-avgust kuni prezident “Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatga ko‘ra, elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasini (“O‘zenergoinspeksiya”) Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. U yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.

Inspeksiyaga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklandi:

  • energiya samaradorligi bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish va mazkur sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish;
  • yillik energiya iste’moli 500 tonna shartli yoqilg‘idan yuqori bo‘lgan barcha sanoat korxonalarida energiya iste’molini boshqarish tizimini (Energy Management System) joriy etishni nazorat qilish;
  • sohada davlat nazoratini amalga oshirish va hisobotlarni yuritish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish;
  • energiya auditorlarga malaka sertifikatlarini berish va zamonaviy o‘lchov laboratoriyalari bo‘yicha minimal talablarni belgilash.

“O‘zenergoinspeksiya”ning markaziy apparati tuzilmasida 30 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Energiya samaradorligini oshirish departamenti va Energetika nazorati sohasini raqamlashtirish boshqarmasi tashkil etiladi.

Ma’lumot uchun, mazkur inspeksiya davlat rahbarining 2022-yil 21-dekabrdagi farmoniga muvofiq Energetika vazirligi huzurida tashkil etilgandi.

Inspeksiyaning davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan jami boshqaruv shtat birliklari soni 357 ta, shu jumladan, inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarlarining soni 2 nafar etib belgilangan.

2023-yilning may oyida prezident Antikorrupsiya agentligiga Energetika vazirligi bilan 1-sentabrgacha yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish bo‘yicha hujjat loyihasini ishlab chiqishni topshirgandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga qo‘shimcha ravishda “O‘zenergoinspeksiya” bilan hamkorlikda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari hamda energiya samarador va energiya tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish maqsadida ajratilgan budjet tizimi budjetlari va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘larining, shuningdek, O‘zbekiston kafolati ostida jalb etiladigan chet el kreditlarining maqsadli sarflanishini o‘rganib borish topshirilgandi.