Toshkent shahri Chilonzor tumanida bir guruh shaxslar savdo markazining avtoturargohi xodimlarini kaltakladi. Holat yuzasidan poytaxt IIBB ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 23-avgust kuni Chilonzor tumanidagi “Oltin markazi” oldida 1984-yilda tug‘ilgan A.Sh. Malibu rusumli avtomashinada avtoturargohga kirmoqchi bo‘lgan. Shu vaqtda avtoturargoh nazorati xodimlari avtoturargohda joy yo‘qligini ma’lum qilgan va avtomashinada kelgan fuqarolar hamda nazorat bo‘limi xodimlari o‘rtasida og‘zaki tortishuv boshlangan.

Shundan so‘ng A.Sh. o‘zining tanishlari — 1986-yilda tug‘ilgan S.Sh., 1982-yilda tug‘ilgan R.N., 1979-yilda tug‘ilgan M.Sh., 1989-yilda tug‘ilgan S.M.ni chaqirgan va ular jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan avtoturargoh oldida janjal ko‘targan.

Ushbu shaxslar “Oltin markazi”da qorovul bo‘lib ishlovchi 1986-yilda tug‘ilgan G‘.I. va 1981-yilda tug‘ilgan A.K.ni urgan vaqtida, markaz nazorat bo‘limi xodimi 1995-yilda tug‘ilgan J.I. ularning bezorilik harakatiga chek qo‘yish maqsadida ajratmoqchi bo‘lgan. Oqibatda ushbu shaxslar o‘z fuqarolik burchini bajarayotgan J.I.ni urib tan jarohati yetkazgan.

Holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchilar protsessual tartibda ushlangan, tergov harakatlari davom etmoqda.