Toshkentda 2−4-oktabr kunlari kreativ iqtisodiyot bo‘yicha IV Jahon konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 23-avgustdagi qarori bilan bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzildi. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashkiliy qo‘mitaning ishchi organi etib belgilandi.

Birinchi Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi (World Conference on Creative Economy, WCCE) 2018-yilda Indoneziyaning Bali shahrida bo‘lib o‘tgan. 2021-yilda u Dubayda (BAA), 2022-yilda yana Balida bo‘lib o‘tgan. Tadbir xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga yordam berish, inklyuziv, barqaror iqtisodiyotni shakllantirishda ijodkorlikning rolini qayd etish va e’tiborni resursga asoslangan iqtisodiyotdan bilimga asoslangan iqtisodiyotiga o‘tkazishga qaratilgan.

Bu yilgi konferensiya mavzusi: “Inklyuziv kreativlik: o‘zgargan voqelik”. U texnologiyalarning jadal rivojlanishi, ayniqsa, sun’iy intellektning joriy etilishi bilan bog‘liq ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni o‘rganishga bag‘ishlanadi.

Konferensiya doirasida kreativ iqtisodiyot sohasidagi vazirlar uchrashuvi, dunyo va O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyotga bag‘ishlangan ko‘rgazma, seminarlar, maslahat uchrashuvlari, amaliy mashg‘ulotlar, taqdimotlar va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.

Forum o‘tkaziladigan kunlarda Toshkentda Zamonaviy san’at markazi qoshida art-rezidensiyalar ochilishi kutilmoqda. Fransiya madaniyat markazi, Milliy restavratsiya markazi loyihalari, shuningdek, “Abulqosim” madrasasi va “Ohunguzar” madaniy meros obyektida kreativ iqtisodiyot klasterlarini tashkil etish loyihalari taqdimotlari o‘tkaziladi.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha jamg‘arma Strategik islohotlar agentligi bilan birgalikda konferensiya ishtirokchilari, xalqaro ekspertlar, soha vakillari va keng jamoatchilikni jalb qilgan holda “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni tashkil etishi kerak.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda 2030-yilgacha kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasi va uni 2025 — 2026-yillarda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihalari ishlab chiqilishi kerak.

“Gazeta.uz” avvalroq kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasi bo‘yicha uchrashuvlar haqida yozgan edi.