Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi omborda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Faqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.

24-avgust kuni soat 09:41da Toshkent shahar, Yangihayot tumani, “Yangi Darxon” MFY Yangi Darxon ko‘chasida joylashgan ishlab chiqarish sexlarining biri omborxonasida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida FVBga xabar tushgan.

Vazirlik yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 09:48 da yetib borib, yong‘in qurshab olingan va bartaraf etish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

“Yong‘in oqibatida tan jarohati olgan va vafot etgan fuqarolar to‘g‘risida xabar kelib tushmadi. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan”, — deyiladi xabarda.

Hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari — shtab boshlig‘i polkovnik S.Zuparov va Toshkent shahar FVB rahbariyati hamda xodimlari, hamkorlikdagi xizmatlar yetib borgan.

Keyinroq FVV yong‘in soat 11:28 da bartaraf etilganini ma’lum qildi. Yong‘indan omborxonaning taxminan 5000 kv metr maydoni saqlab qolingan. Lekin omborning qancha maydoni yongani haqida ma’lumot berilmagan.

Yong‘in bartaraf etishga 19 ta yong‘in o‘chirish va boshqa maxsus texnikalar jalb etilgan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.