Qozog‘iston sudi 10 million dollardan ortiq qiymatdagi “kelib chiqishi noma’lum” va “sotib olish manbalarining qonuniyligi isbotlanmagan” boylikni davlat foydasiga musodara qildi. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasining aktivlarni qaytarib olish qo‘mitasi ma’lum qildi.

Agentlik ushbu aktivlarni olib qo‘yish uchun sudga murojaat qilgan. Birinchi instansiya sudi qo‘mita da’volarini to‘liq qanoatlantirgan, apellyatsiya instansiyasi esa qarorni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Mutaxassislarning fikricha, naqd pullar, qimmatbaho zargarlik buyumlari, ildizlari Saklar davriga borib taqaladigan tarixiy va madaniy meros buyumlari davlat foydasiga rasmiylashtirilgan.

Bu “Noqonuniy yo‘l bilan olingan aktivlarni davlatga qaytarish to‘g‘risida"gi qonun doirasida amalga oshirilgan asossiz boyliklar bo‘yicha birinchi sud akti bo‘ldi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev hujjatni o‘tgan yilning yozida imzolagan edi.

Qonunning maqsadi “noqonuniy yo‘l bilan orttirilgan mulkni davlatga qaytarish yoki Qozog‘istonda qonuniy iqtisodiy muomalaga jalb etish, ularni noqonuniy egallash va olib qo‘yishga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek, jamiyatda ijtimoiy adolatni tiklash” hisoblanadi.