O‘zbekistonda tabiat himoyachilari va eng toza mahallalarni taqdirlab borish yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar berdi Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi

Chiqindi va tozalash ishlari sohalari xodimlarini rag‘batlantirish, mahallalarni toza, chiqindilardan xoli hududga aylantirish maqsadida “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” va “Eng toza mahalla” tanlovlari o‘tkaziladi.

“Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” — tanlovda sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bajaradigan hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi kamida 10 yil sadoqatli mehnat qilgan xodimlari qatnashishi mumkin.

Tanlov 1-sentabrda boshlanadi, g‘oliblar 8-dekabrda aniqlanadi va taqdirlanadi. G‘oliblarning davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan farzandlari yoki nevaralariga bir yillik kontrakt to‘lovi (ammo BHMning 30 baravari (13,6 million so‘m) miqdoridan oshmagan qismi) to‘lab beriladi.

“Eng toza mahalla” — tanlov har yili noyabr-yanvar oylarida tuman va shahar saralash bosqichi, hududiy saralash bosqichi va respublika bosqichi shaklida o‘tkaziladi. Mazkur tanlov g‘oliblari 21-mart — Navro‘z bayrami arafasida taqdirlanadi.

Tanlov natijalariga asosan Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridan g‘olib bo‘lgan mahallalarning tegishli jamg‘armasiga chiqindi yig‘ish maydonchalarini qurish, mahalladagi ijtimoiy obyektlarga chiqindi konteynerlari o‘rnatish hamda daraxt ekish uchun 500 million so‘mdan pul mukofoti o‘tkazib beriladi. Bundan tashqari, xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil topshiriladi.

Shuningdek, sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bajaradigan hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilariga, ekofaollarga hamda jamoatchilik ekologiya nazoratchilariga har oy 100 tadan velosiped va boshqa mukofotlar beriladi.

Bu tanlovlardan maqsad “aholi orasida ekologik bilim va madaniyatni targ‘ib qilish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarning ekologik xavfsiz tizimini takomillashtirish, soha fidoiylarini qo‘llab-quvvatlash, chiqindilarning inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldini olish, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlamaslik kerakligini ta’kidlash” hisoblanadi.