O‘zbekistonning moliyaviy hamkorligida Mozori Sharifning (Afg‘oniston) Yangi shahar hududida quriladigan diniy maktabga tamal toshi qo‘yildi, deya xabar bermoqda TOLO news nashri.

Qayd etilishicha, 0,6 gektarli obyekt qurilishi 6 mln dollarga teng bo‘lib, u 1000 nafar talabaga diniy ta’lim berish uchun mo‘ljallangan.

“Bu madrasa Balx hokimining iltimosiga binoan qurilmoqda. Biz bu loyihaga bir yil vaqt ajratdik va u shu vaqtgacha tugallanadi”, — dedi Mozori Sharifdagi bosh konsul Furqat Nazarov.

Balx viloyati axborot va madaniyat boshqarmasi rahbari Zabihulloh Nuroniyning so‘zlariga ko‘ra, u Afg‘onistondagi eng katta maktab bo‘ladi.

“Madrasaning tashkil etilishi Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydi”, — dedi viloyat ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Abdujalil Shahidxil.

Bundan tashqari, bosh konsul O‘zbekiston tomonidan Afg‘oniston fuqarolari uchun ta’lim va biznes vizalari tez orada qayta tiklanishini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Afg‘onistonda Naybobod temiryo‘l stansiyasi ochilgandi, u va uning Hayraton — Naybobod — Mozori Sharif liniyasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi tomonidan qayta tiklangan.