Telegram asoschisi Pavel Durov Parijning Le Burje aeroportida hibsga olindi, deb xabar bermoqda Fransiya ommaviy axborot vositalari.

TF1 telekanali 39 yoshli tadbirkor 24-avgust, shanba kuni kechqurun Ozarbayjondan xususiy samolyotida Parijga uchib borganidan keyin qo‘lga olingani haqida ma’lumot berdi. Durovga uning shaxsiy qo‘riqchisi va ismi noma’lum ayol hamrohlik qilgan.

Xabarga ko‘ra, Durov Fransiyada qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan (Fichier des Personnes Recherchées, FPR). Uni hibsga olish uchun Fransiya sud-tergov politsiyasi dastlabki tergov asosida order bergan.

Fransiya rasmiylari Durovni Telegram`da moderatsiya yetishmasligi sababli giyohvand moddalar savdosi, bolalarga qarshi jinoyatlar va firibgarlikda ayblamoqda. “U o‘z platformasida [huquq-tartibot idoralari bilan] moderatsiya yoki hamkorlik qilish uchun hech narsa qilmasdan, son-sanoqsiz qonunbuzarliklar va jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ydi”, — deyiladi xabarda.

TF1 suhbatdoshlaridan birining qayd etishicha, Durovni hibsga olish uchun order faqat Fransiyada amal qiladi. Tadbirkor mazkur mamlakatda “persona non grata” ekanini bilgan, Yevropa bo‘ylab kamroq sayohat qilgan va Telegram ishi xavfsizlik kuchlari nazorati ostida bo‘lgan davlatlardan qochgan. “Bugun u xato qildi. Sababini bilmaymiz”, — dedi u.

Qo‘shimcha qilinishicha, Fransiya hukumati Pavel Durovning hibsga olinishidan Yevropaning boshqa mamlakatlariga bosim o‘tkazish uchun foydalanishi mumkin.