Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida suv tarmog‘iga noqonuniy ulangan korxona rahbariga sud hukmi o‘qildi, deya xabar bermoqda “Toshkent viloyati suv ta’minoti” kompaniyasi.

Qayd etilishicha, Htb-as invest korxonasi ichimlik suvi tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan va davlatga qariyb 295 mln so‘m zarar yetkazgan.

Korxona rahbari A.X. Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandida (Ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Sud hukmi bilan u 5 yil 1 oy muddatta ozodlikdan mahrum qilingan. Shuningdek, unga bazaviy hisoblash mikdorining 150 barobari (45 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llangan.