Shu kunlarda Rossiyaning turli hududlarida qarovsiz qolib ketgan 31 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi, deb xabar bermoqda Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili — bolalar ombudsmani idorasi.

Jumladan, 25-avgust kuni 9 nafar bola, bundan avval esa 22 nafar bola (13 nafari — Sankt-Peterburg shahridan, 9 nafari — Moskva shahridan, 8 nafari — Novosibirsk shahridan, 1 nafari — Qozon shahridan olib kelingan) Ichki ishlar vazirligi vakillari tomonidan vatanga qaytarildi.

Fursatdan foydalanib, bolalar ombudsmani bola manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi tezkor hamkorligi uchun Rossiya bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovaga o‘z minnatdorligini bildiradi va o‘zaro konstruktiv hamkorligini davom ettiradi, deyiladi xabarda.

Avgust oyi o‘rtasida ham Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 8 nafar bola (ular mana shu 31 bolaning hisobida) O‘zbekistonga qaytarilgani haqida yozgandik. Ular Novosibirsk, Irkutsk, Krasnoyarsk va Vladivostok shaharlaridan to‘plangan.