Markaziy saylov komissiyasi dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tashkil etilishini ma’qulladi (video).

“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi taklifi bilan dunyoning 39 ta davlatida 56 ta saylov uchastkasi ochiladi.

Xususan, 29 davlatda (Avstriya, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Belarus, Belgiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Misr, Isroil, Hindiston, Indoneziya, Eron, Ispaniya, Italiya, Quvayt, Latviya, Malayziya, Ummon, Pokiston, Polsha, Singapur, Tojikiston, Tailand, Turkmaniston, Ukraina, Fransiya, Shveysariya, Shvetsiya va Yaponiya) bittadan, 7 davlatda (Germaniya, Qirg‘iziston, BAA, Saudiya Arabistoni, AQSh, Turkiya, Janubiy Koreya) — ikkitadan, 2 davlatda (Qozog‘iston va Xitoy) — uchtadan hamda Rossiyada — yettitadan saylov uchastkasi tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda navbatdagi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovi 2024-yil 27-oktabrda o‘tkaziladi.