Rossiya O‘zbekistonga maymunchechakni aniqlash uchun “Vektor” ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqarilgan test tizimlari to‘plamlarini yuboradi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (“Rospotrebnadzor”) matbuot xizmati xabar berdi.

26-avgust kuni “Rospotrebnadzor” tashabbusi bilan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo davlatlar aholisining sanitariya-epidemiologiya farovonligi sohasidagi vakolatli organlar rahbarlari kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bosh davlat sanitariya shifokorlari ishtirok etdi. Ishtirok etish uchun Tojikiston va O‘zbekistonning sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi sohasidagi vakolatli organlari rahbarlari ham taklif etildi.

Yig‘ilishda JSSTning maymunchechak kasalligi bo‘yicha xalqaro favqulodda holat e’lon qilishi bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilindi. Kengash a’zolarining so‘zlariga ko‘ra, YeOIIga a’zo davlatlar Tojikiston va O‘zbekistonda maymunchechak kasalligining tarqalish xavfi past deb baholanmoqda.

Yevrosiyo mintaqasining barcha mamlakatlari chegarada sanitariya va karantin nazorati choralarini kuchaytirdi.

“Hamkorlar Rossiya tomoniga “Rospotrebnadzor”ning “Vektor” ilmiy muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan maymunchechakni aniqlash uchun test tizimlarini taqdim etish iltimosi bilan murojaat qildi. Test tizimlarining birinchi to‘plamlari shu hafta O‘zbekistonga yetkaziladi”, — deyiladi xabarda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Afrikadagi maymunchechak epidemiyasini global favqulodda holat deb e’lon qilgan.

Bu bilan JSST so‘nggi ikki yil ichida ikkinchi bor maymunchechakni sog‘liqni saqlash bo‘yicha favqulodda holat deb e’lon qildi. Birinchi global epidemiya 2022−2023-yillarda qayd etilgan, o‘shanda unga IIb kladasi deb nomlanuvchi shtamm sabab bo‘lgan. Hozirgi epidemiyani esa kasallanganlarning 10 foizgacha qismining o‘limiga sabab bo‘layotgan Ib kladasi shtammi chaqirgan.

Yangi epidemiya Kongo Demokratik Respublikasida avj olish bilan boshlandi, u yerda 450 kishi halok bo‘ldi, keyin esa markaziy va sharqiy Afrikaga tarqaldi. JSST rahbari Adhanom Gebreyesus kasallanishlar soni joriy yilning birinchi yarmida o‘tgan yildagidan oshib ketganini ma’lum qildi va u JSST favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi tavsiyasiga ko‘ra, yangi epidemiyani “xalqaro ahamiyatga molik sog‘liqni saqlash favqulodda vaziyati” deb e’lon qilmoqda.

Kasallik tarqalishining oldini olish uchun quyidagilar tavsiya etiladi:

  • maymunchechak uchun epidemiologik jihatdan noqulay bo‘lgan mamlakatlarga sayohatni cheklash;
  • majburiy sayohatda yovvoyi hayvonlar va kemiruvchilar (maymunlar, kalamushlar) bilan aloqa qilishdan saqlanish;
  • jamoat joylariga tashrif buyurganda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish;
  • isitma yoki teri toshmasi bo‘lgan yo‘lovchilar bilan sayohat qilishda iloji boricha sanitariya (ijtimoiy) masofani saqlash, tibbiy niqoblardan foydalanish va qo‘llarni dezinfeksiyalash vositalari bilan parvarishlash;
  • jamoat transportida tibbiy niqoblardan foydalanish va transportdan chiqqandan keyin qo‘llarni dezinfeksiyalash vositalari bilan parvarishlash.

O‘zbekiston aholisining ko‘pchiligi, xususan, 1980-yilgacha tug‘ilganlar maymunchechakka qarshi immunitetga ega, deb xabar qildi Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi.

“Maymunchechak kasalligi respublikamiz hududiga kirib kelishi ehtimoli juda kam. Negaki maymunchechak kasalligi qayd qilinayotgan Yevropa mamlakatlarida bemorlar va muloqotda bo‘lganlarga nisbatan alohidalash choralari olib borilmoqda, epidemiyaga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar esa to‘liq samara bermoqda”, — deyiladi xabarda.

Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi vakili Rustamjon Ikromov bilan maymunchechak kasalligi haqida suhbat: