Shavkat Mirziyoyev 26-avgust kuni “Sharq taronalari” 13-xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimida qatnashib, nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uning ta’kidlashicha, pandemiya tufayli yuzaga kelgan besh yillik tanaffusdan so‘ng o‘tayotgan festivalini san’atkorlar ham, muxlislar ham sog‘ingan. Prezident “Sharq taronalari” mohiyatan “Jahon taronalari” festivaliga aylanganini aytdi.

“Bu haqiqatni birinchi festivalda 31 ta mamlakat vakillari qatnashgan bo‘lsa, bu yil barcha qit’alardagi 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ziyod san’atkor va olimlar ishtirok etayotgani ham tasdiqlaydi”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda “Sharq taronalari” anjumani bilan birga, xalqaro maqom san’ati, baxshichilik san’ati, hunarmandchilik festivallari, folklor va raqs san’ati bo‘yicha “Buyuk ipak yo‘li”, “Lazgi” xalqaro festivallari, Toshkent xalqaro kinofestivali singari yirik madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinayotganini qayd etdi. Bular, uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning jahon ahlini tinchlik-totuvlikka, qardoshlik va ahillikka chaqiradigan “ezgu da’vatidir”.

Prezident jamiyatlar ichida ma’naviy tanazzul ildiz otayotgan notinch va tahlikali zamonda azaliy qadriyatlarni, odamiylik qiyofasini saqlab qolish tobora mushkul bo‘lib borayotganini bildirdi.

“Ayniqsa, muqaddas musulmon dinining gumanistik mohiyatini ochib berish, islom avvalo ezgulik, tinchlik, ilm-ma'rifat va madaniyat ta’limoti ekanini yana bir bor ta’kidlash, islomofobiya ko‘rinishlariga barham berishga qaratilgan sa’y-harakatlar nihoyatda dolzarbdir”, — ta’kidladi davlat rahbari.

U “Sharq taronalari” festivalining tarixi va an’analarini, Sharqning boy va rang-barang musiqiy madaniyatiga doir ma’lumotlarni o‘zida mujassam etadigan alohida ensiklopediya va uning virtual shakli — ko‘p tarmoqli axborot platformasini yaratishni taklif qildi. Qomusni tayyorlash, jahonning turli muzey va kutubxonalari, arxiv va fondlarida tarqoq holda saqlanayotgan ma’lumotlarni to‘plash, ularning yagona bazasini yaratish va kelajak avlodlarga yetkazishda ishtirok etishga chaqirdi.

“Afsuski, mana shunday noyob taronalar ko‘pincha faqat bir anjuman doirasida yangraydi, xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilinmaydi. Shu bois festivalimizning barcha g‘olib va sovrindorlari ishtirokida dunyo mamlakatlarining nufuzli sahnalarida katta-katta konsert dasturlarini namoyish etish taklifini bildirsam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlaysizlar”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Davlat rahbari anjuman doirasida o‘tkaziladigan “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi. Festivalni tashkil etishga hissa qo‘shganlarga minnatdorchilik bildirdi.