Telegram asoschisi va bosh direktori Pavel Durov hamon Fransiyada hibsda bo‘lib turibdi. Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha milliy byuro va firibgarlikka qarshi milliy idora uning ishini tekshirmoqda, deya xabar bermoqda Reuters Fransiya politsiyasi vakiliga tayanib.

Durov Telegram platformasida sodir etilgan kiber va moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha harakatsizlikda ayblanmoqda, deya aniqlik kiritmoqda agentlik.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Durovning hibsga olinishiga izoh berdi.

“Telegram rahbarining Fransiyada hibsga olinishi davom etayotgan sud tergovi doirasida sodir bo‘ldi. Bu hech qanday siyosiy qaror emas. Qarorni sudyalar qabul qiladi”, — deb yozdi u.

Makron Fransiya “so‘z va muloqot erkinligi, innovatsiyalar va tadbirkorlikka chuqur sodiq” ekanini ta’kidladi. “Keyin ham shunday bo‘lib qoladi”, — deya qo‘shimcha qildi u va qonunning ijrosi to‘liq mustaqillikka ega bo‘lgan sudlar zimmasiga tushishini ta’kidladi.

  • 39 yoshli Pavel Durov 24-avgust kuni Parij aeroportida qo‘lga olingan edi. Fransuz OAV u Telegram’da yetarlicha moderatsiya yo‘qligi ortidan kelib chiqqan “giyohvand moddalar savdosi, bolalarga qarshi jinoyatlar va firibgarlik"da ayblanayotgani haqida yozdi. Telegram ushbu platformadagi suiiste’molliklar uchun platforma yoki uning egasi javobgar ekani haqidagi da’volarni absurd deb atadi.