Homiladorlik ayol organizmida katta o‘zgarishlar yuz beradigan palla bo‘lib, bu davrda tishlar va milk bilan bog‘liq ayrim muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Бундай paytda ayollar tishlarini davolatishi mumkinmi? Ushbu savolga oliy toifali shifokor Miravzal Irxanov javob berdi.

Mutaxassisning aytishicha, homiladorlikda tishlar va milklarning yaxshi parvarish qilinishi juda muhim, chunki mazkur holat umumiy salomatlikka ham ta’sir ko‘rsatadi.

Bu davrda gormonal o‘zgarishlar tufayli milk va tishlar sezuvchan bo‘lib qoladi. Oqibatda milklar yallig‘lanib, tez-tez qonaydi. Yallig‘lanish (gingivit) homiladorlarda juda keng tarqalgan kasallik bo‘lgani bois tishlarni o‘z vaqtida davolatish va profilaktika choralarini ko‘rish zarur, deydi shifokor.

Agar bu muammolar tezda bartaraf etilmasa, ular yanada jiddiyroq kasalliklarga sabab bo‘lishi, jumladan, parodontit — milkning og‘ir yallig‘lanishi va tishlarning tushishiga olib kelishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, homiladorlikda tishlarni davolatish mumkin, biroq buning uchun ayrim qoidalarga rioya qilish maqsadga muvofiq.

Ayniqsa, birinchi uch oylikda har qanday davolanishni kechiktirish tavsiya qilinadi. Sababi bu davr homila uchun eng muhim rivojlanish pallasi hisoblanadi. Ikkinchi uch oylik esa, aksincha, tishlarni davolatish uchun qulay va xavfsiz davrdir. Boisi bu vaqtga kelib, homilaning asosiy organlari shakllanib ulguradi, deydi Miravzal Irxanov.

Uchinchi uch oylikda ham davolanishni imkoni boricha kechiktirish yoki yengil tartibda o‘tkazish kerak. Qolaversa, uzoq muddatli muolajalar yoki og‘ir operatsiyalardan qochish maqsadga muvofiq. Sababi bu holat ayolning umumiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, qoidalarga ko‘ra, homiladorlik paytida rentgen nurlaridan qochish tavsiya etiladi. Lekin zamonaviy rentgen apparatlari kichik dozada nur tarqatishini inobatga olsak, agar tishlarni rentgen qilish zarurati tug‘ilsa, buni maxsus himoya vositalaridan foydalangan holda amalga oshirish mumkin.

Bu davrda tishlarni davolashda ishlatiladigan anesteziya vositalari va dorilarga ham alohida e’tibor berish lozim. Shifokorlar odatda homila uchun xavfsiz bo‘lgan anesteziya vositalarini tanlaydi. Biroq har qanday davolanish oldidan ayol homilador ekani haqida stomatologga xabar berishi zarur.

Qolaversa, bu davrda tishlarni kundalik tozalash juda muhim. Tishlar va milklarni yuvish uchun yo‘g‘on cho‘tkalar va tish iplaridan foydalanish kerak. Shu bilan birga, iste’mol qilinadigan dori vositalarini stomatolog yoki terapevt bilan maslahatlashgan holda amalga oshirish lozim. Taomlanishda esa kalsiy va vitaminlarga boy oziq-ovqatlarni iste’mol qilish tavsiya qilinadi.