Shavkat Mirziyoyev 26-avgust kuni Samarqandga tashrif buyurdi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

“Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yillik bayrami arafasida turibmiz. Ilohim, mustaqilligimiz bardavom bo‘lsin, yurtimizga ko‘z tegmasin. Xalqimizni rozi qilish bo‘yicha ishlarimizga Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin. Bu majmuani qurishdan maqsadimiz ham Imom Buxoriy bobomizning qadrini yanada ko‘tarish, jahonga baralla aytishga asos yaratish. Bunday xayrli ishlarimiz ko‘p bo‘lsin”, — dedi u.

Hozirda prezident tashabbusi bilan Imom Buxoriy majmuasi yangidan qurilmoqda. Maqbara maydoni 600 kvadrat metr, balandligi 28 metr etib kengaytirilgan. 10 ming kishiga mo‘ljallangan masjid qurilgan. Majmuaning 4 burchagida 75 metrlik minoralar mavjud. Bugungi kunda qurilish va muhandislik ishlari bitkazilib, pardozlash bosqichi boshlangan. Bunda milliy an’analar va issiq ranglarga alohida e’tibor berilgan.

Davlat rahbari ushbu qurilish va pardozlash ishlari bilan tanishdi. Uning ta’kidlashicha, endi majmuada zamonaviy, xavfsiz boshqaruvni joriy etish zarur. U “majmua buyuk ma’naviy ustun bo‘lishi kerak”ligini aytdi.

Prezident mutasaddilarga barcha tuman va shaharlardagi tabarruk ziyoratgohlarni tiklash, ularning tarixi va mazmunini to‘g‘ri talqin qilib yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Majmuada, shuningdek, muzey, naqshinkor ayvonlar, ma’muriyat va xizmat ko‘rsatish binolari qurilmoqda. Shavkat Mirziyoyev bo‘lajak muzeyni ham ko‘zdan kechirdi.

Davlat rahbari, shuningdek, Hazrati Hizr majmuasida ham bo‘lib, birinchi prezident Islom Karimov maqbarasiga gul qo‘ydi.