26-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrif buyuradi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident u yerda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etadi.

Festival 26−30-avgust kunlari YUNESKO shafeligida Registon maydonida bo‘lib o‘tadi. Unda dunyoning 70 ga yaqin mamlakatidan 300 nafardan ziyod vakil: san’atkorlar, olimlar, soha mutaxassislari qatnashishi kutilmoqda.

1997-yildan buyon Samarqandda o‘tkazib kelinayotgan festival oxirgi marta 2019-yilda bo‘lib o‘tgandi. Madaniyat vazirligining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, u COVID-19 pandemiyasi sababli to‘xtab qolgan.