Telegram kompaniyasi o‘z asoschisi va bosh direktori Pavel Durovning Fransiya rasmiylari tomonidan hibsga olinishiga izoh berdi.

“Telegram Yevropa Ittifoqi qonunlariga, jumladan, Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunga amal qiladi — uning moderatsiyasi soha standartlariga javob beradi va doimiy ravishda takomillashtiriladi”, — deyiladi xabarda.

“Telegram bosh direktori Pavel Durovning yashiradigan hech narsasi yo‘q va u tez-tez Yevropa bo‘ylab sayohat qiladi. Ushbu platformadagi suiiste’molliklar uchun platforma yoki uning egasi javobgar, deb da’vo qilish absurddir”, — deya ta’kidladi kompaniya.

Kompaniya dunyo bo‘ylab qariyb 1 milliard foydalanuvchi Telegram’dan aloqa vositasi va muhim ma’lumotlar manbai sifatida foydalanishini eslatib o‘tdi va ushbu vaziyatning tezroq hal etilishiga umid bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Pavel Durov 24-avgust kuni kechqurun Ozarbayjondan Fransiyaga kelganida Parijdagi aeroportda hibsga olingan. Fransuz OAV u Telegram’da yetarlicha moderatsiya yo‘qligi ortidan kelib chiqqan giyohvand moddalar savdosi, bolalarga qarshi jinoyatlar va firibgarlikda ayblanayotgani haqida yozgan.

Iyun oyida u bir necha kunga O‘zbekistonga kelgandi. Durov mamlakatda aholining 70 foizdan ortig‘i va deyarli barcha korxonalar foydalanadigan platformaning mashhurligidan faxrlanishini ta’kidlagan. “Gazeta.uz” manbalari Pavel Durov O‘zbekiston rasmiylari bilan Telegram-bank ochish, shuningdek, Toncoin kriptovalyutasini qonuniylashtirish masalasini muhokama qilgani haqida xabar bergan.