26-avgust kuni ertalab Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga raketa va dronlar bilan ommaviy zarba berdi. Mamlakatning 15 viloyati, jumladan Kiyev, Lvov, Xarkov, Odessa va Dnepropetrovsk hujumga uchradi. Zarbalarning nishoni energetika infratuzilmasi bo‘ldi, dedi Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal.

O‘qqa tutilgandan so‘ng butun Ukraina bo‘ylab elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ldi. “Ukrenergo” elektr ta’minotida favqulodda uzilishlar e’lon qildi, “Ukrzaliznitsa” esa poyezdlar harakati to‘xtatilganini e’lon qildi.

Kiyevning o‘ng qirg‘og‘ida suv ta’minotida uzilishlar yuzaga keldi, shaharning bir qancha hududlari elektr ta’minotisiz qoldi. Kiyev GESi ham zarar ko‘rgan.

“Bu eng yirik zarbalardan biri edi — kombinatsiyalangan zarba. Yuzdan ortiq turli xil raketalar va yuzga yaqin “shahidlar"[uchirildi]”, — dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z videomurojaatida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar muhim fuqarolik infratuzilmasiga qaratilgan va energetika sektoriga “katta zarar yetkazgan”. Uning ta’kidlashicha, halok bo‘lganlar va o‘nlab jabrlanganlar bor.

Rossiya Mudofaa vazirligi dushanba kuni ertalab “Ukraina harbiy-havo kuchlari ishini ta’minlagan energetika infratuzilmasi obyektlariga ommaviy zarba berilganini” tasdiqladi. Harbiy idora bayonotida “barcha nishonlar yakson qilingani” ta’kidlangan.