Qozog‘istonda erkak o‘z vasiyligidagi o‘zbekistonlik qiz jiyanlariga jinsiy zo‘ravonlik qilgani haqida xabar berilgandi. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, opa-singillar O‘zbekistonga qaytarildi.

Qizlarning opasi 6-iyun kuni bolalar ombudsmaniga murojaat qilib, onasi va otasi vafot etgani, 12 va 17 yoshli singillari uchun o‘zi eng yaqin qarindosh bo‘lsa-da, unga emas, balki amakisi R.R.ning vasiyligiga berilgani bildirgan.

Amakisi esa qizlarni Qozog‘istonga uyiga olib ketgan, qizlarga uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etgan. Qozog‘iston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan R.R.(erkak) protsessual tartibida ushlanib, unga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksi 121-moddasi, 3−1 qismi 1-bandi (Jinsiy xarakterdagi zo‘ravonlik harakatlari) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Bolalar ombudsmanining Qozog‘iston bolalar ombudsmani bilan birgalikdagi hamkorligi natijasida voyaga yetmagan I.A. va S.R. larga Olmaota shahri adaptatsiya markazida barcha zaruriy ijtimoiy-psixologik ko‘mak ko‘rsatilgan.

Jinoyat ishi doirasidagi ular bilan bog‘liq barcha tergov harakatlari o‘tkazilib bo‘lganidan so‘ng, 24-avgust kuni qizlar O‘zbekistonga qaytarilgan va Toshkent shahridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.

Shu kunlarda qizlarning opasi A.A.ni ularga vasiy etib belgilashga oid hujjatlar rasmiylashtirilishi jarayoni ketmoqda, deyiladi xabarda.

Shuningdek, hozirda erkakka nisbatan dastlabki tergov tamomlanib, materiallar jinoyat ishlari bo‘yicha tegishli tuman sudiga yuborildi, deya qo‘shimcha qildi Surayyo Rahmonova.