Navoiy viloyati Karmani tumanidagi “Farovon” va “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi qariyb 1 ming 100 gektar maydonda Yangi Navoiy shaharchasi qurilishi boshlandi. 18-avgust kuni unga tamal toshi qo‘yish marosimida viloyat hokimi Normat Tursunov va boshqa rahbarlar ishtirok etdi.

навоий, навоий viloyati, нормат тuрсuнов, yangi навоий, yangi ўзбекистон bog‘i

Loyiha prezidentning 2018-yil 2-avgustdagi hududlarda Business city zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Buning uchun Karmana tumanidan Navoiy shahriga 1097,6 gektar yer maydoni ajratilgan. Shu maqsadda 892 gektar yer maydoni toifasi qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlar toifasidan foydalanilmaydigan toifaga o‘tkazilgan.

Birinchi bosqichda qurilish ishlari 450 gektar maydonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Akbar Niyozovning aytishicha, loyihani amalga oshirish uchun Yangi Navoiy shaharchasi ishbilarmonlik markazi direksiyasi davlat muassasasi tashkil etilgan.

“Ushbu yer maydonida bosqichma-bosqich Yangi Navoiy shaharchasi va „Yangi O‘zbekiston“ bog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan. Shaharcha yirik zamonaviy biznes va turarjoy binolaridan tashkil topgan infratuzilma bo‘lib, unda „Yangi O‘zbekiston“ bog‘i va madaniy dam olish sayilgohlari, Navoiy davlat pedagogika institutining yangi binolari (kampus tipida) va boshqa ijtimoiy soha obyektlari, ko‘p qavatli turarjoylar, tadbirkorlik va ishbilarmonlik, maishiy xizmat ko‘rsatish va servis obyektlari, shuningdek kutubxona, sun’iy ko‘l va hunarmandchilik ustaxonalari quriladi”, — dedi u.

Yangi Navoiy shaharchasi ishbilarmonlik markazi direksiyasining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, shaharcha hududida jami 551,6 ming kvadrat metr maydonda uy-joy (5−16 qavatli), 4170 o‘rinli maktablar, 1620 o‘rinli bog‘chalar, 285 o‘rinli poliklinikalar, 1150 o‘rinli madaniyat obyektlari, 50 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘i, 2 ta sayilgoh, 8917 o‘rinli avtoturargohlar, 18 km avtomobil yo‘llari qurish, 20 km ichimlik suvi, 6,6 km oqava suv, 18 km elektr va 16 km gaz tarmoqlarini tortish rejalashtirilgan.

Ijtimoiy soha obyektlari qurilishini moliyalashtirish uchun respublika va mahalliy budjetlardan qariyb 120 mlrd so‘m, uy-joy fondi, savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari qurilishi uchun tadbirkorlar va aholi mablag‘lari, tijorat banklaridan 3,3 trln so‘m, shuningdek, muhandislik kommunikatsiyalari uchun foydalanuvchi tashkilotlar, auksion savdolaridan tushgan va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 176 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Loyiha muddati 2040-yilgacha bo‘lib, ikkinchi (259 gektar) va uchinchi (204 gektar) bosqichlarini amalga oshirish 2024-yil oxirigacha ishlab chiqiladi. Hozirda e-auksion.uz platformasi orqali 20 ga yaqin lotlar xaridi e’lon qilingan.

“Yangi O‘zbekiston” bog‘i loyihasi Turkiyaning Mdesing outdoor factory kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

“Farovon” mahallasining 50 gektar hududida O‘zbekistonning 7 ta taraqqiyot strategiyasi aks ettirilgan stella, amfiteatr, sun’iy ko‘l va favvora, oltin koni Dark Ride tajriba maydoni, yopiq suzish havzasi, yopiq sport zal, kutubxona, restoran va kafelar, velosiped yo‘lagi, piyodalar yo‘lagi, bolalar o‘yin maydonchalari, hunarmandchilik ustaxonalari, tomosha terassasi, savdo va ko‘ngilochar maydonlar, skeytbort maydoni, avtoturargohlar, o‘simlik shou maydoni, yo‘l harakati mashg‘ulotlari maydoni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, bog‘da oltin konlariga bag‘ishlangan Dark Ride markazi bo‘ladi, u yerda tashrif buyuruvchilar transport vositalarida oltin qidirish va qazib olish jarayonlarini aks ettiruvchi maxsus yoritilgan sahnalar bo‘ylab sayohat qilishadi (ma’lumot uchun, Navoiy viloyati O‘zbekistonning asosiy oltin qazib oluvchi hududi hisoblanadi).