Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi Toshkent shahrining Mirobod tumanida turar joy majmuasi va mehmonxona qurishni rejalashtirmoqda. Ular O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev tomonidan 23-avgust kuni boshlab berilgan loyihalar qatoriga kiradi.

Loyiha qiymati 133 million dollarga baholanmoqda. Kompaniya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, majmua 21 qavatli bir nechta baland va 27 qavatli bosh binodan iborat bo‘ladi.

agalarov development, mehmonxona, миробод тумани, turar joy, эмин агаларов

Loyiha 750 apartamentdan iborat “premium apart-mehmonxona” formatida ishlab chiqilgan. Hududda “puxta o‘ylangan infratuzilma, qulay avtoturargoh va ko‘kalamzorlashtirilgan ichki hovli” bo‘ladi.

Maydonning umumiy hududi 1,98 gektarni tashkil etadi, binolarning umumiy maydoni 90 ming kvadrat metrga teng, ijara uchun mos maydon esa 60 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Shuningdek, 5400 kvadrat metr savdo-xizmat ko‘rsatish maydonlari, gastronomik loyihalar va katta fitnes markaz uchun ajratilgan.

Agalarov Development kompaniyasi prezidenti Emin Agalarov (xonanda va Ozarbayjon xalq artisti Emin) qurilishning faol bosqichi sentabr oyida boshlanishini aytdi. Loyihaning rejalashtirilgan muddati uch yilga bormaydi.