O‘zbekiston va AQSh rasmiylari 2021-yilning avgust oyida Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga olib kelingan harbiy samolyot va vertolyotlar taqdiri bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchisi Jonatan Henik Kun.uz`ga ma’lum qildi.

“Harbiy texnikalar O‘zbekistonda bo‘ladi. Ha, bu allaqachon rasmiy”, — dedi elchi aviatexnika jihozlari O‘zbekistonda qoladimi, degan savolga javob berar ekan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar allaqachon “qo‘shma dasturni amalga oshirishni boshlagan”.

Elchining ta’kidlashicha, “ushbu texnikalar hech qachon afg‘onlarniki bo‘lmagan, ular amerikaliklarniki edi. Ular (afg‘on armiyasi — tahr.) undan foydalandi, lekin biz hamisha egasi bo‘lganmiz”, — dedi diplomat.

Shu oy boshida AQShning Sierra Nevada Corporation kompaniyasi O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tgan samolyotlar qatorida bo‘lgan oltita Pilatus PC-12 samolyotini ta’mirlash bo‘yicha O‘zbekiston bilan shartnoma imzolagandi.

Loyiha qiymati 64,2 million dollarni tashkil etadi. Ishlarni 2027-yilning avgustida yakunlash rejalashtirilgan. Shartnoma AQShning Xorijiy harbiy savdo dasturi doirasida amalga oshiriladi.

O‘tgan yilning oktabr oyida AQSh elchisi tomonlar 45 dan ortiq harbiy samolyot va vertolyotlar taqdiri bo‘yicha muzokaralarni davom ettirayotganini ta’kidlagan edi.

Afg‘oniston Harbiy havo kuchlarining harbiy texnikasi Termiz aeroportida, 2021-yil 16-avgust. Foto: CSIS.Afg‘oniston Harbiy havo kuchlarining harbiy texnikasi Termiz aeroportida, 2021-yil 16-avgust. Foto: CSIS.

Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy kampaniya davomida afg‘on hukumatiga ko‘plab samolyot va vertolyotlar taqdim etgan. “Tolibon” Kobulni egallagan kunlarda bortida jami 585 nafar afg‘onistonlik harbiy xizmatchi bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot (Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17) O‘zbekiston havo hududini noqonuniy kesib o‘tgan. Norasmiy baholarga ko‘ra, O‘zbekiston hududiga qo‘ngan samolyot va vertolyotlar bortida 500 dan 600 nafargacha Afg‘oniston fuqarolari bo‘lgan. sentabr va noyabr oylarida uchuvchilar avval BAA, keyin esa AQShga ko‘chirilgan.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati samolyotlar Afg‘oniston mulki ekanini bir necha bor ta’kidlagan. O‘zbekiston rasmiylari samolyot va vertolyotlar AQSh mulki ekanini va ularni qaytarib bo‘lmasligini qayd etgan.

2022-yilning sentabrida Politico nashri AQSh hukumati O‘zbekiston va Tojikistonga “chegara xavfsizligi va terrorizmga qarshi kurash sohasida munosabatlarni chuqurlashtirish” bo‘yicha norasmiy kelishuv evaziga afg‘on samolyotlarining bir qismini berishi mumkin, deb yozgandi.