17-avgust kuni Andijon shahri Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan shaharning sobiq hokimi Dilmurod Rahmatullayev o‘z lavozimidan ozod etildi. “Gazeta.uz”ga ushbu ma’lumotni shahar hokimligi matbuot xizmati tasdiqladi.

Ma’lum qilinishicha, Rahmatullayev “sog‘lig‘i tufayli o‘z xohishiga ko‘ra” iste’foga chiqqan. Uni lavozimidan ozod etish haqidagi qaror 24-avgust kuni, tayinlanganidan bir hafta o‘tib imzolangan.

Hokimlik matbuot xizmati ushbu qaror Rahmatullayevning Andijon hokimi sifatidagi faoliyati haqidagi internetdagi muhokamalarga aloqador emasligini bildirdi.

Dilmurod Rahmatullayev 2016-yilda Andijon shahriga hokim etib tayinlangan. U 2017-yilning kuzida shahardagi qator ta’lim muassasalarining rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgani ortidan internetda mashhur bo‘lgandi.

Sobiq amaldor buning uchun eng kam ish haqining 30 baravari (5,167 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.

2018-yilning aprelida esa u bosh vazir ishtirokida o‘tkazilgan videoselektorda shahar ko‘chalarini obodonlashtirish uchun, budjet tashkiloti xodimlari, jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini tadbirkorlardan gul va daraxt ko‘chatlarini ancha qimmat narxga sotib olishga majburlagani uchun hayfsan olgan. Bosh vazir u oxirgi marta ogohlantirilayotganini ma’lum qilgan.

2019-yilning iyun oyida Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov raisligi selektor yig‘ilishdan yozib olingan audioyozuv tarqalgan. Unda, xususan, viloyat rahbari Dilmurod Rahmatullayevni haqoratli so‘zlar qo‘llagan holda tanqid qilgan.

Oradan bir oy o‘tib, Rahmatullayev ishdan olingan, uning o‘rnini Bahromjon Haydarov egallagan.