Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Andijon viloyatidagi Shangfeng-Bridge of Friendship sement zavodi bo‘yicha tekshiruvni yakunladi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Iyulda qo‘mita kompaniyaga qarshi antidemping ishini ochgandi. Farg‘ona vodiysidagi bir qancha sement zavodlari Shangfeng-Bridge of Friendship korxonasi ichki bozorda mahsulotni tannarxidan past narxlarda sotayotgani, bu esa ularni bankrotlik yoqasiga olib kelganini aytib shikoyat qilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, joriy yilning martidan iyuligacha bo‘lgan davrda birja savdolari orqali sotilishi kerak bo‘lgan jami 122,7 ming tonna sement belgilangan talablarga zid ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida realizatsiya qilingan.

Shuningdek, 2700 tonna sement o‘rtacha hisoblangan birja kotirovkasidan yuqori narxlarda sotilib, 81,1 million so‘m asossiz daromad olingan. Qo‘mita bu xatti-harakatlarni insofsiz raqobat deb atadi.

Qo‘mitaning maxsus komissiyasi kompaniyani demping (mahsulotni sun’iy arzon narxda sotish) va birja savdolarida raqobatni cheklagani uchun 4,9 milliard so‘m miqdorida jarimaga tortishga qaror qildi. Shangfeng-Bridge of Friendship qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar oldi.

MCHJ tomonidan yuqori likvidli va monopol turdagi (sement) mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarga asosan realizatsiya qilishda QQS va foyda solig‘ini hisoblash bo‘yicha to‘plangan hujjatlar soliq organiga yuborildi.

Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida qiymati 500 million dollarlik ikkita sement zavodi tashkil etish rejalari haqida 2023-yil oktabr oyida aytilgan edi. O‘shanda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov korxonalar yiliga 20 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 15 million dollarlik import o‘rnini bosish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’kidlagandi.

Shangfeng-Bridge of Friendship aprel oyi oxirida ishga tushirilgan, quvvati — yiliga 2,5 million tonna sement. Uning asoschilari Xitoyning Zhejiang Shangfeng Building Materials (29%), Conch International Holdings Hong Kong Limited (51%) va mahalliy Jo’ydam Ta`mir Qurilish (20%) kompaniyalari hisoblanadi.

West China Cement kompaniyasiga tegishli xuddi shunday quvvatga ega ikkinchi zavod may oyida ochilgan.