Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar qildi (video).

Raqamli dalillarga oid qonun loyihasi parlamentga uchinchi marta kiritilmoqda, chunki avvalgi ikki urinish (2022-yil iyun va 2023-yil noyabr oylarida) rad etilgan.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga 202−2 moddasi qo‘shilishi deputatlar e’tiroziga sabab bo‘lgandi (birinchi o‘qish jarayoni haqida ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin). Modda bilan “korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan raqamli ma’lumotlarni tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning talabiga ko‘ra elektron ma’lumotlarni o‘z ixtiyorida bo‘lgan vositalar bilan birga taqdim etishi shartligi” keltirib o‘tilgandi.

Ma’ruza qiluvchi deputat, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Davron Oripovning qayd etishicha, yuqoridagi norma loyihadan chiqarib yuborilgan. Ikkinchi o‘qish uchun qonun loyihasi takomillashtirilgan.

Qonun nomi va matnidagi “elektron (raqamli)” so‘zlari “raqamli” so‘zi bilan almashtirildi. Shunga ko‘ra, ikkinchi o‘qishga “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi nom bilan taqdim etildi.

Qonun loyihasi bilan guvohlarning huquqlariga (Jinoyat-protsessual kodeksining 66-moddasi) raqamli dalillarni taqdim etish huquqi kiritilmoqda.

Shuningdek, shaxsga doir ma’lumotlarni ishonchli himoya qilishni ta’minlash hamda bunday ma’lumotlarni tarqalib ketishini oldini olish maqsadida deputatlarning tashabbuslari asosida Jinoyat-protsessual kodeksining 88-moddaning 5-qismiga ishga aloqador bo‘lmagan dalillar tergov organi va sudning ixtiyorida qolib ketgan bo‘lsa, ular qayta tiklanmaydigan tarzda yo‘q qilinishi lozimligi to‘g‘risida norma bilan to‘ldirilmoqda.

Bundan tashqari, Jinoyat-protsessual kodeksining 161-moddasida tintuv va shaxsiy elektron ma’lumotlarni olib qo‘yish qonun va sudning qaroriga qo‘ra amalga oshirish to‘g‘risidagi 9-qism bilan to‘ldirildi.

raqamli dalillar, elektron dalillar, qonunчилик palataси

Qonun deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Unda deputatlarning 118 nafari ma’qulladi, 2 nafari ovoz bermadi.

Qonunni uchinchi o‘qishda ham qabul qilish taklifi bildirildi va ovozga qo‘yildi. Ovoz berish jarayonida ma’qullaganlar soni o‘zgarmadi. Qonun uchinchi o‘qishda ham qabul qilinib, Senatga yuborildi.