Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan xodim fuqaro tomonidan pichoq bilan hujum qilinishi oqibatida vafot etdi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi.

Qayd etilishicha, 26-avgust kuni soat 20:45 atrofida tuman IIB profilaktika katta inspektori N.M. vakolati doirasida muqaddam sudlanib, soat 18:00 dan soat 06:00 ga qadar yashash joyini tark etmaslik taqiqi bilan ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan fuqaro X.E.ni yashash xonadoniga borib, tekshirgan.

Biroq u xonadonida yo‘qligi va jazoni o‘tash tartibini buzganini aniqlagan. Shu vaqtda fuqaro mast holda uyiga kelib, baqir-chaqir qilgan, janjal ko‘targan.

So‘ngra xonadonda bo‘lgan oshxona pichog‘ini olib chiqib, kutilmaganda inspektorning ko‘krak qafasiga sanchib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan hamda voqea joyidan qochib yashiringan. Biroq N.M. ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.

Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida fuqaro qo‘lga olingan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (Javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.