Qozog‘istonning Kaspi.kz texnologiya kompaniyasi O‘zbekistondagi Humo to‘lov tizimining operatori bo‘lgan Milliy banklararo protsessing markazining 100 foiz davlat ulushini sotib olish bo‘yicha tenderda ishtirok etish istagini bildirdi.

Forbes.kz nashrining yozishicha, tegishli xat O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi maslahatchisi vazifasini bajaruvchi Deloitte xalqaro konsalting kompaniyasiga yuborilgan.

Kaspi.kz rahbari va hammuassisi Mixail Lomtadze kompaniyaning Humo`ning amaldagi biznes modelini rivojlantirish rejasi haqida xabar berdi. Uning aytishicha, bu reja “naqd pulsiz to‘lovlar o‘sishiga turtki beradigan va iqtisodiyot rivojlanishiga hissa qo‘shadigan to‘lov texnologiyalari hamda xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha ulkan tajriba bilan to‘ldiriladi”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kaspi O‘zbekistondagi texnologiya va xodimlarga “sezilarli investitsiyalar” kiritishni rejalashtirmoqda. Bu sarmoyalar “Humo to‘lov xizmatlarini barcha ishtirokchilar uchun yanada qulayroq va foydalanishga imkonli qiladi”.

“Ushbu investitsiyalar natijasida Humo rivojlanish uchun qo‘shimcha turtki oladi, o‘zining texnologik imkoniyatlarini kengaytiradi va innovatsiyalar sohasida ko‘pchilik uchun namuna bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga olib keladi va mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etishning drayveriga aylanadi” — dedi Mixail Lomtadze.

Kaspi.kz onlayn to‘lovlar va P2P o‘tkazmalari, shaxsiy mablag‘larni boshqarish va yetkazib berish bilan onlayn xaridlar xizmatlarini birlashtiradi. Kompaniya uchta platformada ishlaydi — to‘lovlar, marketpleys va fintex — ular bir nomdagi mobil ilovaga birlashtirilgan.

2024-yilda Kaspi.kz NASDAQ fond birjasida AQShda ommaviy joylashtirishni (IPO) o‘tkazdi, bu so‘nggi ikki yil ichida AQShdagi eng yirik ommaviy joylashtirishlardan biriga aylandi. Ayni paytda kompaniyaning kapitallashuvi qariyb 24 milliard dollarni tashkil etadi.

Humo haqida

Humo milliy to‘lov tizimi 2018-yil sentabr oyida tashkil etilgan. O‘shanda chakana to‘lovlar bilan ishlovchi davlat protsessing markazining yo‘qligi milliy to‘lov tizimining xavfsizlik darajasini pasaytirishi, to‘lov infratuzilmasining yagona integratsiyasini ta’minlash imkonini bermasligi va bitta monopol tizimning hukmronligiga olib kelishi qayd etilgandi.

Humo tizimi o‘sha paytdagi yagona xususiy tuzilma bo‘lgan Uzcard protsessing markazida katta dasturiy nosozlikdan so‘ng paydo bo‘lgan.

Humo rahbari Shuhrat Qurbonovning tushuntirishicha, to‘lov tizimini nomarkazlashtirishdan maqsad hech kimning bozorni monopollashtirishiga yo‘l qo‘ymaslik, aksincha, banklarning mustaqil bo‘lishiga imkon berishdir.

Kompaniyaning ustav kapitali 155,4 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ayni paytda 27 milliondan ortiq Humo kartalari chiqarilgan, 210 mingdan ortiq terminal va 6400 dan ortiq bankomat o‘rnatilgan.

Prezidentning 30-noyabrdagi qarori bilan Humo`dagi davlat ulushi Davaktivga o‘tdi. Sotilish ehtimoli haqidagi taxminlarga javoban agentlik “Gazeta.uz”ga Humo transferi xususiylashtirish bilan bog‘liq emasligini ta’kidlagandi. Banklararo protsessing markazining Markaziy bank balansida bo‘lishi manfaatlar to‘qnashuviga olib keldi, deb ta’kidlagan o‘sha paytda Davaktiv.

Biroq prezidentning 19-apreldagi qarori bilan to‘lov tizimi davlat aksiyalari yoki aksiyalar paketlari ochiq savdolarga qo‘yilishi kerak bo‘lgan 247 ta kompaniya ro‘yxatiga kiritilgan.

Iyul oyida Davaktiv Humo davlat to‘lov tizimini sotib olish uchun arizalarni qabul qilish boshlanganini e’lon qildi. Davlat ulushi “muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish” usuli orqali sotilishi aytilgandi.