Qirg‘iziston Madaniyat, axborot va turizm vazirligi OAV va internetda yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun katta miqdorda jarima solishni taklif qildi, deb yozmoqda Kloop.kg.

Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Hujjat Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksni tegishli modda bilan to‘ldirishni taklif etmoqda.

Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, OAV, internet yoki ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda “yolg‘on, chalg‘ituvchi yoki xato ma’lumotlar”ni e’lon qilganlik va tarqatganlik uchun fuqarolarga 100 ming som (1100 dollar atrofida), yuridik shaxslarga esa 200 ming som (2300 dollar atrofida) jarima solinadi.

Qoidabuzarlarga jarima solish va undirishni Madaniyat vazirligining o‘zi amalga oshiradi.

Ta’kidlanishicha, o‘zgartirish “jamoat manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoyalash, axborot xavfsizligini ta’minlash” maqsadida taklif etilmoqda.

“Yolg‘on ma’lumotlar vahima uyg‘otishi, noto‘g‘ri ma’lumotlarni yoyishi, tartibsizliklarni keltirib chiqarishi va jamoat tartibini buzishi mumkin… Internetda tarqatilayotgan dezinformatsiya jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishi va saylovlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin… Yolg‘on ma’lumotlardan nomzodlar, partiyalar yoki davlat institutlarini obro‘sizlantirish uchun foydalanilishi ham mumkin”, — deyiladi tushuntirishda.

Hujjatda, shuningdek, qonun loyihasi “ishonchli ma’lumotlarni tarqatishga va aholining internet-kontentni iste’mol qilishda tanqidiy fikrlash zarurligi to‘g‘risida xabardorligini oshirishga” yordam berishi aytiladi.

  • Aprel oyida Madaniyat vazirligi, shuningdek, OAV va Internetdagi tuhmat va haqorat uchun jarima solishga imkon beradigan Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilgandi. Huquq himoyachilari va mustaqil jurnalistlar loyihaga qarshi chiqib, idoraning taklifini senzura va ommaviy axborot vositalariga bosim deb atagan.