Istanbul-Samarqand yo‘nalishida HH572 reysini amalga oshirayotgan Qanot Sharq xususiy aviakompaniyasining A320 samolyoti dushanba kuni kechqurun Turkiya shimolidagi Amasya viloyatining Merzifon shaharchasi aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Bu haqda turk nashrlari yozmoqda.

FlighRadar24 xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, havoga ko‘tarilganidan bir soat o‘tmasdan ekipaj bortdagi favqulodda holat haqida signal bergan va samolyot (ro‘yxat raqami UK32031) pastlashni boshlagan.

Haberler Ozel’ning yozishicha, bunga salondagi bosimning pasayishi sabab bo‘lgan. Bortida 152 kishi bo‘lgan (boshqa OAVlar 149 yo‘lovchi va 3 ekipaj a’zosi haqida yozmoqda) samolyot xavfsiz qo‘ngan. Yo‘lovchilar terminalga joylashtirilgan. Xabar qilinishicha, nosozlik bartaraf etilgach, avialayner parvozni davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

Merzifon Istanbuldan 565 km, Anqaradan 325 km uzoqlikda joylashgan.