“Tashabbusli budjet"ning 2024-yilgi 2-mavsumida respublika bo‘yicha ovoz yig‘ishga majburlash holatlari yuzasidan 39 ta shikoyat kelib tushdi, deb xabar berdi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Bunda eng ko‘p murojaat Farg‘ona (7 ta), Namangan va Jizzax viloyatlari (5 tadan), shuningdek, Toshkent shahridan (6 ta) kelgan.

Sohalar kesimida shikoyatlar:

  • umumta’lim maktablari bo‘yicha — 19 ta;
  • tibbiyot tashkilotlari bo‘yicha — 16 tani tashkil etgan.

Kelib tushgan barcha murojaatlar ko‘rib chiqish uchun tegishli tuman (shahar) xalq deputatlari kengashlariga yuboriladi hamda holat o‘z tasdig‘ini topsa, mazkur loyihalar ovoz berish bosqichidan chetlatiladi yoki g‘oliblar ro‘yxatidan chiqariladi.

Vazirlik jarayonda budjet tashkilotlari xodimlarini ovoz yig‘ishga majburlash holatlari to‘g‘risida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 1282 ishonch telefoniga xabar berishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, 22-avgust kuni “Tashabbusli budjet” loyihasining 2024-yil 2-mavsumidagi loyihalarga ovoz berish boshlandi. Jarayon 31-avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi. Loyihalar uchun 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.