Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston uchun 2024−2028-yillarga mo‘ljallangan, mamlakatda yashil va inklyuziv iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi hamkorlik strategiyasini boshladi, deya xabar qildi bank matbuot xizmati.

Yangi besh yillik strategiya doirasida OTB O‘zbekiston hukumati bilan mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tishida yordam berish, xususiy sektor rivojlanishi va raqobatbardoshligini qo‘llab-quvvatlash va inson kapitaliga sarmoyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha yaqin hamkorlik qiladi.

“Strategiya hukumatning „O‘zbekiston-2030“ uzoq muddatli rivojlanish rejasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi”, — deyiladi xabarda.

осиё taraqqiyot banki, отб, ta’lim, energetika, yashil иқтисодиёт

“OTBning O‘zbekiston uchun yangi hamkorlik strategiyasi mamlakatning 2030-yilgacha bo‘lgan yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha strategik maqsadlariga erishishda qo‘llab-quvvatlaydi. OTB O‘zbekistonning ko‘p yillik ishonchli hamkori sifatida tashqi global va mintaqaviy zarbalarga qaramay mamlakatga barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va kamta’minlanganlikni kamaytirishga yordam berishga sodiq qoladi”, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Yangi strategiya OTBning energetika, davlat sektorini boshqarish, moliya, transport, qishloq xo‘jaligi va tabiiy resurslarni boshqarish hamda shaharlarni rivojlantirish kabi qator tarmoqlardagi faoliyatini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, bank ta’lim va ijtimoiy himoyani rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

“Yangi hamkorlikning strategik maqsadlariga erishish uchun OTB siyosiy muloqot va innovatsion yechimlar bilan bir qatorda, mamlakatdagi suveren va xususiy sektor operatsiyalarini jalb qiladi”, — dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya.

Iqtisodiyotda xususiy sektorning rolini kengaytirish uchun qulay muhitni qo‘llab-quvvatlash maqsadida OTB makroiqtisodiy va fiskal islohotlarni, shuningdek, davlat korxonalar transformatsiyasi va xususiylashtirishga tayyorlashni kuchaytiradi, deyiladi bank xabarida.

Bundan tashqari, bank xususiy sektorning iqtisodiy rivojlanishdagi ishtirokini, jumladan, ichki moliya bozorlari va infratuzilma investitsiyalarini yaxshilash orqali qo‘llab-quvvatlaydi.

OTB, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri suveren bo‘lmagan moliyalashtirish va davlat-xususiy sheriklik orqali xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.

O‘zbekistonning 2030-yilgacha inson kapitalini rivojlantirish maqsadlariga erishish uchun OTB ko‘magi butun mamlakat bo‘ylab ta’lim va ko‘nikmalarni oshirish sifati, inklyuzivligi va dolzarbligini oshirishga, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga, jumladan, xususiy sektorning keng ishtirokini rag‘batlantirish orqali, shuningdek, aholining eng ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish orqali qaratiladi.

OTB, xususiy sektor operatsiyalari sari o‘zining strategik siljishiga muvofiq, mahalliy va xalqaro kompaniyalar, investorlar va biznes birlashmalari bilan birgalikda moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlikni va muloqotni kengaytiradi. OTB, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, odamlarga sarmoya kilish, gender tengligini ta’minlash va ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarni qo‘llab-quvvatlash uchun fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan samarali hamkorlikni davom ettiradi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston OTBga 1995-yilda a’zo bo‘lgan va o‘shandan beri bank mamlakatga 12,5 mlrd dollar miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan.