Qonunchilik palatasining 27-avgust kungi majlisida ““O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi, deb xabar berdi quyi palata matbuot xizmati.

Qonun loyihasida turli sohalarda yuqori natijalarga erishib kelayotgan biznes vakillarini taqdirlash tizimini joriy etish maqsadida alohida davlat mukofotini ta’sis etish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, qonun loyihasi bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etish va qonun hujjatlarida buning huquqiy asoslarini mustahkamlash, “O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini ta’sis etish to‘g‘risida"gi va “Davlat mukofotlari to‘g‘risida"gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda.

Ta’kidlanishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsiyalar joriy qilish, eksport qilish va yetuk mutaxassislar tayyorlashda barchaga namuna bo‘ladigan hamda jamiyat hayotining turli sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan biznes vakillarini tizimli taqdirlash imkonini beradi.

“Shu bilan birga, ushbu unvonni ta’sis etish orqali tadbirkorlarning mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasiga e’tiborni qaratish va baholash, katta yutuqlarga erishgan va jamiyatning ijtimoiy muammolarini hal etishda faol ishtirok etayotgan tadbirkorlarni aniqlash hamda ularni taqdirlash, aholini, ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish va biznesga qiziqishni yuksaltirish maqsadiga erishiladi”, — deb yozdi QP matbuot xizmati.

Majlisda deputatlar, fraksiyalar vakillari faxriy unvon ta’sis etilishining ahamiyatini ta’kidlab, qonun loyihasini qabul qildi.