Bir necha yil oldin men indiaka deb nomlangan yangi sport turi bilan shug‘ullana boshladim. O‘yin voleybolga o‘xshaydi, lekin to‘p o‘rniga katta qizil volan qo‘llanadi. Yaponiyadagi klubimda 30 ga yaqin odam bor va yaqinda biz 25 yoshda bo‘lgan ikki a’zoni qabul qildik. “Biz ushbu klub a’zolarining o‘rtacha yoshini pasaytirishdan mamnunmiz, — deyishdi ular birinchi mashg‘ulotda, — endi u 58 yoshni tashkil etadi!” Biz hammamiz baralla kulib yubordik.

Boshqa tomondan, o‘tgan oyda Toshkent aeroportiga kelganimda birinchi e’tiborimni tortgan narsa — barcha xodimlarning juda yosh ekani bo‘ldi. Mehmonxonada nonushta qilib o‘tirganimizda stollarga xizmat qilayotgan ofitsiantlarning yoshligi meni yana bir bor hayratga soldi. Agar men bu yerda “Indiaka” klubini topganimda, o‘ylaymanki, klub a’zolarining o‘rtacha yoshini oshirgan bo‘lardim!

акико фuжии, yoshlar, колонка

Bilishimcha, hozirgi vaqtda O‘zbekiston jadal demografik o‘sishni boshdan kechirmoqda va aholi sonining eng yuqori cho‘qqisi taxminan 2040-yilda bo‘lishi kutilmoqda.

Bu aslida nimani anglatadi? Bu shuni anglatadiki, O‘zbekiston o‘zining yosh va g‘ayratli aholisi tufayli yigirma yillik ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish uchun ulkan imkoniyatlarga ega. Mamlakat ushbu muhim o‘nyilliklardan imkon qadar samarali foydalanishi juda muhimdir. Mamlakat bunga tayyormi? Xalq tayyormi? Xususan, yoshlarda farovonlikka erishish uchun imkoniyatlar bormi?

O‘zbekiston 2030 strategiyasida “Har bir inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish” alohida ta’kidlangan. O‘zbekiston jadal iqtisodiy o‘sishni boshdan kechirmoqda. 621 ming so‘mdan kam bo‘lgan uy xo‘jaliklarining oylik minimal iste’mol xarajatlari sifatida belgilangan mamlakat daromadlarining kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17 foizdan 2023-yilda 11 foizgacha tushdi. Kelajakda hukumat 2026-yilga qadar kambag‘allikni 2022-yilgi darajasiga nisbatan ikki baravar pasaytirish niyatida.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ulkan islohotlar majmui ishlab chiqildi, biroq, keling, aholini islohotlarning afzalliklari bilan qamrab olish darajasini ko‘rib chiqaylik. Misol uchun, BMTTDning parvarish bilan bog‘liq iqtisodiy faoliyati to‘g‘risidagi hisobotida ta’kidlanishicha, ayollar haftasiga o‘rtacha 46,92 soatni bolalarni parvarish qilish bilan bog‘liq faoliyatga sarflaydi, erkaklar orasida esa bu ko‘rsatkich 16,48 soatni tashkil etadi, va bu ayollarning iqtisodiy ishtirokiga yaxshigina ta’sir qiladi.

Hisobotda, shuningdek, yosh bolalarni parvarish qilayotganlarning 40,4 foizi daromadga ega emasligi qayd etilgan, bu esa parvarish qilayotgan shaxslarga nisbatan iqtisodiy bosim mavjudligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, so‘nggi ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekistonda mehnatga layoqatli yoshdagi 300 000 dan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxsning atigi 5−7 foizi ish bilan ta’minlangan.

акико фuжии, yoshlar, колонка

Joriy yilning mart oyida BMTTD Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bilan birgalikda “O‘zbekistonda ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi bo‘yicha tajriba-sinov hisoboti“ni e’lon qildi. Ko‘p o‘lchovli kambag‘allik konsepsiyasi va uning qo‘llanilishi mavzusi Toshkent shahrida 2024-yil 27−29-avgust kunlari bo‘lib o‘tayotgan Ko‘p o‘lchovli kambag‘allik masalalari bo‘yicha kollegial tarmoqning 9-yuqori darajadagi yillik yig‘ilishida muhokama qilinmoqda. G‘oya kambag‘allikni turli ko‘rsatkichlar yordamida o‘lchashimiz mumkin bo‘lgan turli xil mahrumliklar to‘plami sifatida tushunishdan iborat.

Bizning fikrimizcha, kambag‘allik nafaqat oddiy mablag‘ yetishmovchiligi, balki munosib hayot kechirish (masalan, asosiy infratuzilma — suv, elektr energiyasi va boshqalar), sog‘liqni saqlash, ta’lim, moliya va boshqalar kabi hayotiy imkoniyatlarning yo‘qligi bilan tavsiflanadi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, aholining 18,4 foizi shahar va qishloq joylarida turli darajada ifodalangan ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni boshdan kechiradi.

Yoshlarning kamol topishi uchun imkoniyatlar mavjud. Ammo ular notekis taqsimlangan, ba’zilar esa bu imkoniyatlardan chetda qolmoqda. 2030-yilgacha rivojlanish strategiyasida yoshlarni rivojlantirishga — yosh iste’dod egalarining sport, ta’lim va avlodlarimiz hali ko‘rib bilmagan raqamli asrning mehnatdagi ijodiy salohiyatini va kuch-g‘ayratini ochish masalasi alohida qayd etib o‘tilgan. Hozir bularni amalga oshirishning ayni payti. Mana, ko‘plab yosh iste’dodlar bor BMTTDda biz bu ishni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

Birinchi qadam yoshlar nafaqat bandlik va kambag‘allikni qisqartirish dasturlari uchun maqsadli guruh, balki tashabbuskorlar, qarorlar qabul qiluvchilar va siyosiy, ijtimoiy va ishbilarmonlik hayotining barcha sohalarida yetakchilar ekanini tan olishdir.

акико фuжии, yoshlar, колонка

Bugun kunduz kuni iliq shabada ostida Mirobod bozorida sayr qilar ekanman, quruq mevalar va ziravorlarning hidi burnim va oshqozonimni sarxush qilayotganini his qilaman. Lekin meni ko‘proq nima hayajonlantiradi? Tabassumlar. G‘ayrat. Shaftolilarni kelajak va yanada yaxshi hayot umidi bilan sotayotgan yoshlar. Men shaftolini bir tishlab olaman. Uning sharbati og‘zimni yoqimli tam bilan to‘ldiradi. Yuragimni esa O‘zbekistonda barqaror va inklyuziv inson taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida BMT Taraqqiyot dasturi bilan yangi sayohatimni boshlaganimdan umidlar to‘ldiradi.

Muallif haqida

Akiko Fujii 2024-yil yozida BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili etib tayinlangan. U BMTTDda 25 yildan ortiq tajribaga ega va butun dunyo bo‘ylab rahbarnlik lavozimlarida ishlagan. U yetakchi rahbar sifatida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni hal qilishda, inqirozli va ziddiyatli vaziyatlarda keng ko‘lamli gumanitar yordamni boshqarishda, barcha uchun adolatli va barqaror inson taraqqiyotiga erishish uchun boshqaruv tizimlari bo‘yicha maslahat berishda faol ishtirok etgan. Sasseks universitetida (Buyuk Britaniya) gender va rivojlanish, Kioto universitetida inson va atrof-muhitni o‘rganish bo‘yicha magistrlik darajasini olgan.