Texas shtati federal sudi prezident Jo Bayden ma’muriyatining AQShda zarur hujjatlarsiz yashovchi migrantlarga huquqiy maqom berish dasturini to‘xtatdi, deb yozadi The Washington Post.

Qaror AQShning 16 ta shtati dasturni blokirovka qilishni talab qilgan sud da’vosidan so‘ng boshlangan sud jarayonlari doirasida qabul qilindi. Ular Baydenning xatti-harakatlari AQSh immigratsiya qonunlarini qayta yozish uchun ijro hokimiyatini suiiste’mol qilish ekanini ta’kidladi.

Sud dastur bo‘yicha arizalarni tasdiqlashni ikki haftaga to‘xtatib turishga qaror qildi, muddat uzaytirilishi mumkin. Sobiq prezident Donald Tramp tomonidan tayinlangan sudya Jon Kempbell Barker shtatlarning da’volarini “muhim” deb topdi va ular “sud hozirgacha ko‘ra olganidan ko‘ra ko‘proq tekshiruvni” talab qiladi, deb qaror qildi.

Hukumatga kechiktirish vaqtida arizalarni qabul qilishni davom ettirishga ruxsat beriladi.

AQSh prezidenti 2024-yil iyun oyida Keeping Families Together (“Oilalarni birlashtirish”) dasturini e’lon qilgandi. Uning shartlariga ko‘ra, AQSh fuqarolarining qonuniy nikohda bo‘lgan va mamlakatda kamida 10 yildan beri yashayotgan turmush o‘rtoqlari AQShdan chiqmasdan doimiy yashash uchun ariza topshirishi mumkin. Bayden ma’muriyatining hisob-kitoblariga ko‘ra, dastur amerikaliklarning 500 mingdan ortiq turmush o‘rtog‘i va ota-onasidan biri AQSh fuqarosiga turmushga chiqqan 21 yoshgacha bo‘lgan 50 mingga yaqin bolani qamrab oladi.