23-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning tadbirkorlar bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha ikki mamlakatda umumiy qiymati 520 mln dollar bo‘lgan yettita qo‘shma loyihani amalga oshirishga kirishildi, deya xabar bermoqda Report axborot agentligi.

global textile, pasha holding, tst group, do‘stlik bog‘i, озарбайжон

Toshkentda Ritz-Carlton brendi ostida besh yulduzli mehmonxona va premium toifadagi rezidensiya qurilishi shular jumlasidandir. Loyiha qiymati 200 mln dollarni tashkil etadi. “Gazeta.uz” fevral oyida loyiha Ozarbayjonning Pasha Holding kompaniyasi tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgani haqida yozgandi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida gips va gipsokarton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Matanat A” korxonasi qurilishi boshlandi. Ishlab chiqarish hajmi sutkasiga 350 tonnani tashkil qiluvchi loyiha qiymati 20 mln dollarga baholanmoqda.

Avval xabar qilinganidek, Agalarov Development kompaniyasi Toshkent markazida 133 mln dollarlik turar joy majmuasi va mehmonxona qurishni rejalashtirmoqda.

Ozarbayjonning Yevlax tumanida Global Textile kompaniyasi ishtirokida 104 mln dollarlik to‘qimachilik klasterini qurish rejalashtirilgan. Loyiha paxta yetishtirish boshidan tayyor mahsulot chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish siklini o‘z ichiga oladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda korxona rahbari Muzaffar Razoqovga 2 ming ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan mazkur loyiha “O‘zbekistonning eng ko‘rsatkichli klasteri”ga aylanishini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berganini aytdi.

Ilhom Aliyevning aytishicha, klasterda 40 ming tonna paxta xomashyosi ishlab chiqariladi, bu mahalliy ishlab chiqarishning deyarli 15 foiziga (300 ming tonna) to‘g‘ri keladi. Kelgusida korxona maydonini ikki barobarga — 5 ming gektardan 11 ming gektarga oshirish rejalashtirilgan. “Bundan tashqari, u yerda hammasi sug‘oriladigan yerlar, menimcha, haqiqatan sizlarning texnologiyalaringiz bilan gektariga 4−5 tonnadan yig‘ib olamiz. Ya’ni 50 ming tonna hajmga yetishimiz mumkin. Bu jiddiy o‘sish bo‘ladi”, — dedi u.

O‘zbekistonning Business Tex kompaniyasi Ozarbayjonning Xankendi shahrida 6 mln dollarga to‘qimachilik fabrikasi qurilishida ishtirok etadi.

O‘zbekistonning TST Group kompaniyasi ham Ozarbayjonning Imishli tumanida 54 mln dollarga to‘qimachilik klasterini quradi. Buning uchun kompaniyalar 5000 gektar maydon ajratadi (video). Klaster tarkibiga paxta yetishtirish, paxtani qayta ishlash, yigirish, to‘quvchilik, kiyim-kechak ishlab chiqarish va yog‘ ishlab chiqarish korxonalari kiradi.

Ikki mamlakat Ozarbayjonning Fuzuli tumanida do‘stlik bog‘i barpo qiladi. Loyihaning qiymati 3 mln dollarni tashkil etadi, har bir tomon summaning 50 foizini o‘z hissasidan qo‘shadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bog‘ 100 gektar maydonni egallaydi, u yerda turli mevali daraxtlar, jumladan, O‘zbekistondan olib kelingan ko‘chatlar ekiladi. Bog‘dorchilik faoliyati natijasida olingan mahsulotlarni dastlab Ozarbayjon va O‘zbekiston bozorlarida sotish, so‘ngra birgalikda uchinchi davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Ozarbayjon ishbilarmonlari bilan uchrashuvda qo‘shma investitsiya fondi miqdorini, aviaqatnovlar sonini oshirish, Boku va Toshkentda “Boqiy shahar” majmualarini qurish taklifini bildirgandi. “Bokuda o‘zbek tuprog‘i, Toshkentda Ozarbayjon tuprog‘i bo‘ladi”, — dedi u.