Afg‘oniston Milliy Mudofaa vazirligi 2021-yil avgust oyida afg‘on askarlari mamlakatdan olib chiqib ketgan harbiy samolyotlar va vertolyotlarning O‘zbekistonga berilishiga qarshi chiqdi, deya xabar bermoqda Ariana News tashkilot bayonotiga tayanib.

“O‘zbekistondagi afg‘on vertolyotlari va samolyotlari taqdiriga oid har qanday kelishuv qabul qilib bo‘lmaydigan holat”, — deyiladi bayonotda.

Vazirlikning ta’kidlashicha, AQShning “afg‘on xalqi mulkini O‘zbekistonga xayriya qilishga yoki musodara qilishga haqqi yo‘q”.

“O‘zbekiston hukumati bu borada har qanday bitimlardan voz kechishi va yaxshi qo‘shnichilik ruhida oqilona qaror qabul qilishi hamda samolyotlarni Afg‘oniston harbiy-havo kuchlariga topshirishga ko‘maklashishi kutilmoqda”, — deyiladi tashkilot bayonotida.

Avvalroq AQShning Toshkentdagi elchisi Jonatan Henik O‘zbekiston va AQSh rasmiylari Afg‘onistondan olib o‘tilgan harbiy samolyotlar va vertolyotlar taqdiri bo‘yicha kelishuvga erishgani va aviatexnikalar O‘zbekistonda qolishini ma’lum qilgandi. Diplomatning ta’kidlashicha, “ushbu texnikalar hech qachon afg‘onlarniki bo‘lmagan, ular amerikaliklarniki edi”. “Ular (afg‘on armiyasi — tahr.) undan foydalandi, lekin biz hamisha egasi bo‘lganmiz”, — deydi u.

  • Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy kampaniya davomida afg‘on hukumatiga ko‘plab samolyot va vertolyotlar taqdim etgan. “Tolibon” Kobulni egallagan kunlarda bortida jami 585 nafar afg‘onistonlik harbiy xizmatchi bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot (Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17) O‘zbekiston havo hududini noqonuniy kesib o‘tgan. Norasmiy baholarga ko‘ra, O‘zbekiston hududiga qo‘ngan samolyot va vertolyotlar bortida 500 dan 600 nafargacha Afg‘oniston fuqarolari bo‘lgan. sentabr va noyabr oylarida uchuvchilar avval BAA, keyin esa AQShga ko‘chirilgan.
  • Afg‘oniston muvaqqat hukumati samolyotlar Afg‘oniston mulki ekanini bir necha bor ta’kidlagan. O‘zbekiston rasmiylari samolyot va vertolyotlar AQSh mulki ekanini va ularni qaytarib bo‘lmasligini qayd etgan.