Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarini qabul qildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tadbirda Milliy olimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, murabbiylar, sportchilarning ota-onalari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Parij Olimpiadasida 19 sport turi bo‘yicha 90 nafar sportchi bilan ishtirok etdi. Uning natijalari mamlakat uchun butun Mustaqillik tarixidagi eng muvaffaqiyatli natijaga aylandi. Respublika jami 13 ta medal bilan 206 davlat orasida umumiy medallar hisobida 13-o‘rinni, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni, MDHda 1-o‘rinni, Osiyoda 4-o‘rinni egalladi.

Davlat rahbari O‘zbekiston terma jamoasi erishgan yutuqlar, O‘zbekiston ayollar o‘rtasidagi ilk Olimpiya medali sohibi Diyora Keldiyorov, taekvondo bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi ilk kumush medalni qo‘lga kiritgan Svetlana Osipovani sanab o‘tdi. Ulug‘bek Rashitov Olimpiya tarixida taekvondo bo‘yicha eng yosh ikki karra Olimpiada chempioni bo‘ldi.

Bundan tashqari, joriy Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston o‘z tarixida dzyudo bo‘yicha eng ko‘p medal qo‘lga kiritdi. Erkin kurash bo‘yicha 12 yillik tanaffusdan so‘ng yana oltin medal qo‘lga kiritildi.

Boks bo‘yicha terma jamoa oltin medallar soni bo‘yicha mamlakat rekordini yangiladi va umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Erkaklar o‘rtasidagi yettita oltin medaldan beshtasini O‘zbekiston bokschilari qo‘lga kiritdi.

Prezident bu yuksak natijalar xalqda katta iftixor uyg‘otganini alohida ta’kidladi. Davlat rahbari sportchilar, ularning murabbiylari, sport delegatsiyasi a’zolariga minnatdorlik bildirdi. Shu kunlarda Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan sportchilarga kuch va omad tiladi.

Yig‘ilishda 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident suv sporti turlari, yengil atletika, velosport, o‘q otish va kamondan otish, gimnastika bo‘yicha federatsiyalar, sharoit va iqtidorli sportchilar borligi, lekin natijalar kamligini ko‘rsatib o‘tdi. Chim ustida hokkey, basketbol, gandbol, regbi, suv polosi kabi jamoaviy sport turlari yetarlicha rivojlanmagani, yunon-rum kurashi, ot sporti, zamonaviy beshkurash, triatlon, qilichbozlik, eshkak eshish, velosport kabi sport turlari bo‘yicha ham hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi aytildi.

Prezident mazkur sport federasiyalari bundan tegishli xulosa chiqarib, bo‘lajak Olimpiadaga keng ko‘lamli tayyorgarlik ko‘rishi zarurligini ta’kidladi.

Keyingi to‘rt yilda sportchilarni tayyorlash bo‘yicha katta dasturlar qabul qilinadi. Har bir yo‘nalishda sport meditsinasi, farmakologiyasi, diyetologiyasi, psixologiyasi va muhandisligi bo‘yicha chet eldan malakali mutaxassislar jalb etiladi.

Olimpiya shaharchasida musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulotlarni ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘tkazish bo‘yicha alohida tizim yaratiladi. Bahodir Jalolov, Oksana Chusovitina maktablari kabi ixtisoslashgan sport muassasalari har bir hududda, har bir sport yo‘nalishi bo‘yicha tashkil qilinadi.

Shuningdek, joylarda, ayniqsa, mahallalarda yangi iste’dodlarni aniqlash, ularni manzilli saralash asosida xalqaro tanlovlarga maqsadli tayyorlash bo‘yicha maxsus dastur joriy etiladi.

Zarur sport infratuzilmasiga ega bo‘lgan 15 ta Olimpiya va paralimpiyaga tayyorlash markazi, 6 ta Respublika oliy sport mahorati maktabi, 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabiga mahalliy va xorijiy murabbiylar biriktiriladi.

Davlat rahbari ommaviy sportni rivojlantirish milliy olimpiya harakatining ajralmas qismiga aylanishi kerakligini ta’kidladi. Hukumatga bu borada tegishli takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Tadbirda Olimpiya o‘yinlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan sportchilarga tantanali ravishda mukofotlar topshirildi.