O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, professor Behzod Sadikovich Yo‘ldoshev 28-avgust kuni 79 yoshida vafot etdi. Bu haqda FA matbuot xizmati xabar berdi.

Behzod Yo‘ldoshev 1945-yil 9-mayda Toshkentda tug‘ilgan, fizik olim, Fanlar akademiyasi akademigi (2000), fizika-matematika fanlari doktori (1981), professor (1987). ToshDUni tamomlagan (1968). U 2000-yildan 2005-yilgacha va 2017-yildan beri Fanlar akademiyasi prezidenti bo‘lgan.

Ilmiy ishlari yuqori energiyalar fizikasi, yadroviy fizika va elementar zarralar fizikasiga oid. Yo‘ldoshev rahbarligida Yadro fizikasi institutida jahon standartlariga mos keluvchi radioizotoplarni keng ko‘lamda ishlab chiqarish va chetga sotish ishlari yo‘lga qo‘yilgan, mahalliy tog‘-kon sanoati chiqindilaridan asl va nodir metallarni qo‘shimcha ravishda ajratib olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.

U “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” bosh tahrir hay’ati a’zosi (2001-yildan). Beruniy nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti laureati (1983). 2-chaqiriq O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati bo‘lgan.

To‘rt yil davomida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE)da ilmiy maslahatchi bo‘lib ishlagan.

Yo‘ldoshev birinchi marta neyronlar (leptonlar) va yuqori energiyali adronlarning yadrolar bilan o‘zaro ta’sirida kvark adronlanishning yagona mexanizmi mavjudligini tajriba yo‘li bilan isbotlagan.

U yana:

  • Beruniy nomidagi O‘zbekiston SSR davlat mukofoti laureati (1983);
  • Qozog‘iston milliy fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi;
  • Amerika fizika jamiyati a’zosi, Indiana shtat universiteti va Kembrij universitetlari a’zosi, Samarqand davlat universitetining faxriy professori;
  • Amman shahridagi Islom olami fanlar akademiyasi a’zosi (Iordaniya);
  • Birlashgan yadroviy tadqiqotlar institutining faxriy doktori (2005);
  • “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan (2003-yil 22-avgust);
  • ESO xalqaro mukofoti laureati (2004);
  • “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan (2011-yil 28-avgust);
  • “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni (2018-yil 28-avgust).

Shavkat Mirziyoyev Behzod Yo‘ldoshev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.