O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida turli sabablarga ko‘ra Qozog‘istonda qarovsiz qolib ketgan voyaga yetmagan bolalar vatanga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Qayd etilishicha, “Qiyin ahvoldagi bolalarni qo‘llab-quvvatlash markazi” va Olmaota shahri ta’lim boshqarmasi bilan birgalikda 17 yoshli I.R., 12 yoshli S.R. va 2 yoshli M.N.ni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha zarur hujjatlar tayyorlangan.

24-avgust kuni bosh konsulxona diplomatlari voyaga yetmagan bolalarni vatanga qaytarish va yaqin qarindoshlariga yetkazish maqsadida ularni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi xodimiga topshirgan.

Avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg, Moskva, Novosibirsk va Qozon shaharlarida qarovsiz qolib ketgan 31 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgani haqida yozgandik.

Shu yilning aprel oyida ham ota-onalari bo‘lmagan va yordamga muhtoj jami 17 nafar bola Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil mart oyida O‘zbekiston prezidenti bolani xorijda nazoratsiz qoldirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilovchi tuzatishlar aks etgan qonunni imzolagan.

  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, O‘zbekiston fuqaroligiga ega bolani ota, ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish BHMning 10 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
  • Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirish, xuddi shunday xatti-harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa yoxud bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda O‘zbekistonga qaytarilishini ta’minlamaslik 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.