Samarqand shahrida 26−30-avgust kunlari “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirlar doirasida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov OAV vakillariga intervyu berdi, deya xabar qilmoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Jurnalistlarning “Sharq taronalari” va shu kabi festivallarni o‘tkazishdan qanday maqsad borligi haqidagi savoliga javob bergan vazir milliy madaniyatlarga tahdidlar mavjudligini aytib, qadriyatlarni asrab qolish uchun festivallar o‘tkazish muhimligini qayd etdi.

озодбек назарбеков, фестиvaль, шарқ taronalari festivali

“Har qanday milliy madaniyatlarga qattiq tahdid bor. Aynan bugungi ilmiy-amaliy konferensiya mavzusi („Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari“ — tahr.) ham shunga qaratilgan, ya’ni bugungi kunda millatlarning o‘zini yo‘qotishi — bu inson madaniyatining oxir-oqibat yo‘q bo‘lishiga [sababchi bo‘lar], ehtimol, globallashuv yo‘riqnomalarida aynan shu narsalar maqsad qilingandir, biz buni ham bilmaymiz. Shuning uchun o‘ta hushyor turishimiz kerak, xalqaro maydondagi beqarorliklar va boshqaruv imkoniyatlari qanaqadir qora kuchlarda ekani bugun ko‘rinib turibdi, buni butun dunyo ko‘ryapti. Biz mana shunday davrda o‘zimizning qadriyatlarimiz, madaniyatimizni mahkam tutgan va butun dunyoni shu pozitsiyaga chorlagan holda bunday illatlar yoki tahdidlarga qarshi tura olamiz”, — dedi u.

“Sizlar ko‘p savol berasizlar bizga: „Maqom“ festivali qilyapsizlar, „Baxshichilik“, „Hunarmandlar“ festivallari qilyapsizlar, bular kerakmi, kerakmasmi, undan ko‘ra asfalt qilgan yaxshimasmi, degan millionta xar hil fikrlar bildiriladi. Lekin hozir bu muammoga [qarshi kurashish], kechirsizlaru, bitta ko‘chani asfalt qilgandan ko‘ra muhimroq. Chunki inson madaniyatiga tahdid bostirib kelyapti, shuning uchun bunaqa festivallarga 3−5 mlrd so‘m ishlatish, menimcha, inson kelajagini asrab qolishda juda muhim. Madaniyat vaziri sifatida [bunday festivallar] asfaltdan ham muhimroq, boshqa narsalardan ham o‘ta muhim bo‘lgan masala, deb o‘ylayman”, — deya qo‘shimcha qildi hukumat vakili.