Prezident 28-avgust kuni aholidan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun majburiy to‘lovlarni undirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabariga ko‘ra, qonunchilikka iste’mol qilingan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun majburiy to‘lovlarni undirish to‘g‘risidagi ariza vakolatli organga yoki mansabdor shaxsga berilguniga kadar qarzdor jismoniy shaxs energiya resurslari tarmoqlaridan uzilganini tasdiqlovchi hujjatlar ijro hujjatlariga ilova qilinishi kerak ekani haqidagi talab kiritilmoqda. Ushbu talab bajarilmagan taqdirda, davlat ijrochisi ijro hujjatini qaytaradi.

18-may kuni Senatda mazkur qonun muhokamasi chog‘ida ilgari bunday norma faqat yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llangani ta’kidlandi. Senator Shuhrat Chulliyev qarzdor jismoniy shaxslar qarzini o‘z vaqtida to‘lamaganida, davlat organlari tomonidan ushbu toifadagi hujjatlar ijrosini ta’minlash uchun ko‘p vaqt, kuch va mablag‘ sarflanishini qayd etdi.

Xususan, qonunchilikdagi ushbu “bo‘shliq” tufayli 7700 dan ortiq iste’molchi qarzdorlarni tarmoqdan uzib qo‘yish imkoni bo‘lmagani ma’lum qilindi.

So‘ngra energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Mamatkarimov elektr energiyasini tijoriy hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini (ETHOAT) joriy etish bo‘yicha ishlar 98,9 foizga bajarilgani, gaz bo‘yicha esa 2024-yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilganini ta’kidladi. Jismoniy shaxslarga nisbatan yangi talabning joriy etilishi energiya resurslarini o‘g‘irlashning oldini olishga yordam beradi, dedi u.

O‘zgartishlarga ko‘ra, elektr yoki gaz uchun qarzdorlikni undirish to‘g‘risida sud qarori chiqarish to‘g‘risida sudga ariza berishda quyidagilar ilova qilinadi:

  • iste’molchi bilan tuzilgan shartnoma;
  • penya hisoblanishi to‘g‘risidagi va iste’molchini tegishli energiya resurslari tarmoqlaridan uzish haqidagi ogohlantirish ko‘rsatilgan, qarzni to‘lash to‘g‘risidagi talab, shuningdek, uning iste’molchiga yuborilganini tasdiqlovchi hujjat;
  • qarzdorning tarmoqdan uzilganini tasdiqlovchi hujjat.

Qarzdor jismoniy shaxslardan pochta xarajatlarini undirish to‘g‘risidagi sud hujjatlariga nisbatan ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi qo‘llanadi.

Soddalashtirilgan ijro ishini yuritish doirasida davlat ijrochisi sud yoki boshqa organning ijro hujjati qaysi sud hujjatiga yoki boshqa organning hujjatiga asosan berilgan bo‘lsa, o‘sha sud hujjati yoki boshqa organning hujjatiga asosan bekor qilinganda yoxud mazkur ijro hujjati bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda, ijro ishini yuritish tugatilgani haqida xabardor qilishi kerak. Ilgari MIB ijro ishi yuritishni bekor qilish yoki tugatish to‘g‘risidagi ishlarni umumiy tartibda topshirishi kerak edi.

Qonun sud hujjatlarini ijro etish tartibini soddalashtirish va inson omilini kamaytirish, shuningdek, maishiy iste’molchilar tomonidan iste’mol qilingan elektr energiyasi va gaz uchun qarzdorlikni undirish bo‘yicha hujjatlar ijrosini ta’minlashni takomillashtirishi kutilmoqda.