Saudiya Arabistonining Makka shahridagi shifoxonalardan birida fevraldan buyon davolanayotgan fuqaroning O‘zbekistonga qaytishiga yordam ko‘rsatildi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

O‘zbekistonning Jidda shahridagi bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro I.I. 2024-yilning yanvar oyida oila a’zolari bilan ushbu mamlakatga ziyorat qilish uchun kelgan.

Biroq keyinchalik insult tashxisi bilan Makka shahridagi Ibn Sino kasalxonasiga davolanish uchun yotqizilgan.

So‘ngra uning viza muddati tugashi va mamlakatdan chiqib ketishga taqiq qo‘yilgani tufayli O‘zbekistonga qaytolmagan. Shu vaqt davomida konsulxona I.I.ning oilasiga zarur maslahat yordamini ko‘rsatgan va diplomatlar Saudiya sayyohlik kompaniyalaridan biri bilan birgalikda uni O‘zbekistonga qaytarilishida ko‘maklashgan.

Barcha masalalar hal etilgach, 22-avgust kuni bemorning uyiga parvozi uchun yo‘l hujjatlari rasmiylashtirilib, shifoxonadan Jidda xalqaro aeroportiga zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan yetkazilishi ta’minlangan, deyiladi xabarda.

23-avgust kuni u va uning o‘g‘li J.I. shifokor hamrohligida Toshkentga kelgan.