Toshkent shahrida “Milliy bog‘” metro bekati ikkinchi vestibyulini ta’mirlash ishlari boshlandi. Internetda qurilish ishlarining foto va videolari paydo bo‘ldi.

Toshkent metropoliteni matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, beshta bekat — “Milliy bog‘”, “Mashinasozlar”, “O‘zbekiston”, “G‘afur G‘ulom” va “Yunus Rajabiy” stansiyalarining ikkinchi vestibyulini ochish rejalashtirilmoqda.

Toshkent metrosi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 2024-yil yakuniga qadar metrodan foydalanuvchi yo‘lovchilar soni 1 millionga yetishi kutilmoqda.

“Ushbu qurilish ishlarining tugash muddati xususida esa qurilish jarayonlarining texnik holatiga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”, — deyiladi xabarda.

Iyul oyi boshida metropoliten ikkinchi vestibyuli ishlamaydigan bekatlar 30−40 yil avval (2001-yilda ochilgan Yunus Rajabiydan tashqari) zarur ishlar tugallanmagan holda foydalanishga topshirilgani haqida xabar bergan edi. 2023-yilda metro qatnoviga bo‘lgan talab ortib borishini inobatga olgan holda, metropoliten ushbu chiqishlarni ochish tashabbusi bilan chiqqan. O‘zbekiston hukumati ishni bajarishga ruxsat bergan.

Toshkent metropoliteni qoshidagi “Toshmetrotrans” loyiha instituti tomonidan barcha yopiq vestibyullarni ishga tushirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilib, davlat ekspertizasiga topshirilgan. So‘ng loyihalar pudratchini aniqlash uchun tenderga qo‘yilgan. Ish bosqichma-bosqich amalga oshirilishi va avgust oyidan boshlanishi ma’lum qilingandi.