28-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bilan uchrashdi va ularga davlat mukofotlarini topshirdi. Uchrashuv chog‘ida prezident Financial Times kolumnisti Saymon Kuperning “Olimpiya medallari jadvali bizga nimalar haqida hikoya qiladi?” nomli maqolasidan iqtibos keltirdi.

“Jahonda nufuzli Financial Times nashrining ta’kidlashicha, mana sizlar nimaga qodir ekaningiz mana shu yerda yozilgan, Olimpia medallari, mamlakatning sport olamida erishayotgan yutuqlari davlatning umumiy rivojlanish va insoniy taraqqiyot darajasini bildiradi. Mana bu yerda ko‘p narsa mujassam bo‘lib, bu yutuqlaringiz nafaqat sport, hamma soha egalarini katta-katta marralar olishga majbur etyapti. Chindan ham, sizlar g‘oyat keskin bellashuvlarda yuksak jasorat va matonat ko‘rsatib, 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritganingiz mamlakatimizning taraqqiyot borasidagi yuksak salohiyatini yanadi ifoda etayotgan yorqin natijadir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Biz Saymon Kuperning mazkur maqolasi tarjimasini havola etamiz.

Olimpiya medallari jadvali bizga nimalar haqida hikoya qiladi?

G‘olib mamlakatlar ro‘yxati shunchaki sportdagi muvaffaqiyatlar bo‘yicha qo‘llanmadan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadi.

Shu tunlarning birida men Parijdagi Olimpiya o‘yinlarining ayollar tennisi bo‘yicha bahsida xorvatiyalik va ukrainalik sportchi o‘rtasidagi o‘yinni tomosha qildim. O‘yin qizib turgan mahalda muxlislar birdan “Leon!” deya hayqira boshladi va bu uzoq davom etdi. Ayni vaqtda shuni deb xorvatiyalik tennischi hatto to‘pni uzatmay turishiga to‘g‘ri keldi. Ko‘pgina fransiyalik tomoshabinlar telefonlari orqali suzish bo‘yicha bahslarni tomosha qilish uchun ko‘z o‘ngida o‘tkazilayotgan tennis bahslariga bir muddat e’tibor bermay qo‘ydi. Ular yana bitta oltin medal yutgan fransiyalik suzuvchi Leon Marshanni olqishlardi.

Olimpiada medallari sportning o‘zidan ko‘ra qiziqarliroq bo‘lishi mumkin. Chorshanba tongiga ko‘ra, Fransiya Parij o‘yinlarida 48 ta medalni qo‘lga kiritgan edi. Bu mezbon mamlakat kollektiv muvaffaqiyat tuyg‘usi bilan to‘lishiga yordam berdi, men 2002-yilda bu yerga ko‘chib kelganimdan beri bunaqasini ko‘rmagandim. Va fransuzlar qaysidir ma’noda haq. Olimpiada medallari, odatda, jamiyat sportdan tashqari ham muhim ishlarni to‘g‘ri bajarayotganidan dalolat beradi.

Buning sababini tushunish uchun medallar jadvalining yuqori qismini diqqat bilan qarab chiqing. Bu safar u yerda uzoq muddatdan beri mavjud bo‘lib kelgan bir jamoa yetishmayapti: Ukrainaga bostirib kirishi ortidan musobaqalardan chetlatilgan Rossiya (musobaqada 15 nafar rossiyalik sportchi qatnashmoqda, lekin milliy bayroq ostida emas). Eslatib o‘taman, Rossiya avvalgi o‘yinlardan ham “ommaviy doping” dasturi tufayli chetlashtirilgandi.

Shu bilan AQSh birinchi, Xitoy esa ikkinchi o‘rinda (1,4 mlrd aholi, o‘sib borayotgan boylik va g‘arblik tanqidchilar fikricha, suzuvchilarining nazorat qilib bo‘lmas darajada dopingi iste’moli bilan). E’tiborga molik fakt: medallar jadvalidagi keyingi 14 ta davlatning barchasi yuqori daromadli demokratik davlatlardir [O‘zbekiston maqola yozilayotgan vaqtda quyiroq pog‘onada joylashgan edi va yuqori daromadli mamlakatlar safiga kirmaydi — tahririyat izohi]. Ikkinchi bo‘lib sanab o‘tgan mamlakatlarimning muvaffaqiyati sababi geografik emas: ular Kanada, Ruminiyadan to Avstraliya, Janubiy Koreyagacha cho‘ziladi. Olimpiya o‘yinlarida butun dunyo raqobatlashayotgan bo‘lsa-da, ma’lum bir toifadagi mamlakatlar hukmronlik qiladi.

O‘tgan safargi qishki Olimpiya o‘yinlari medallari jadvali ham xuddi shunday tarkibga ega: kuchli sakkizlikka yettita yuqori daromadli demokratik davlatlar va Xitoy kiradi. Iqtisodchi Stefan Shimayski va men “Soccernomics” deb atalgan kitobimiz uchun Olimpiya o‘yinlari va boshqa xalqaro musobaqalar asosida sport yutuqlari jadvalini tuzganimizda biz aholi jon boshiga dunyodagi eng yaxshi sport mamlakati boy va demokratik Norvegiya ekanini aniqlagandik.

Albatta, hech shubhasiz, mamlakat sportchilari yutuqlarining har qanday reytingi milliy boylik va, aniqrog‘i, inson taraqqiyoti bilan yuqori darajada bog‘liq bo‘ladi. BMTning Inson taraqqiyoti indeksi barcha mamlakatlarni ularning farovonligiga qarab reyting berish uchun o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi, ta’lim va turmush darajasi kabi ko‘rsatkichlarni o‘lchaydi. BMT reytingidagi eng yaxshi 10 davlatdan Norvegiya, Shvetsiya va Shveysariya o‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlarida ham kuchli 10 talikka kirgan; Avstraliya va Germaniya bu yozgi medallar jadvalining kuchli 10 taligida; Irlandiya esa 12-o‘rinda, Gonkong 21-o‘rinda ketmoqda. Bu mamlakatlarning aksariyati aholi soni kamligiga qaramay, shunday natijaga erishgan. Besh million aholiga ega Irlandiyada chorshanba kungacha allaqachon to‘rtta oltin bor edi — bu butun Afrikani birlashtirgandagi natijaga teng.

Buni qanday tushuntirish mumkin? Boy demokratik davlatlar, ayniqsa, sotsial-demokratik davlatlar o‘z aholisiga g‘amxo‘rlik qilishda ham yaxshi hisoblanadi. Bu barcha daromad darajasidagi odamlarga sport bilan shug‘ullanish imkoniyatini berishni o‘z ichiga oladi. Masalan, Norvegiyaning eng chekka nuqtalarida ham, odatda, bir burchakda har qanday ob-havo sharoitida sport bilan shug‘ullanish mumkin bo‘lgan maydonchasi mavjud. Odatda kiyinish xonalari issiq, murabbiylarning diplomlari bor, bolalar esa hamyonbop narxda mashg‘ulot o‘tkazib, o‘ynashlari mumkin. Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, Norvegiya aholisining 84 foizi 2019-yilda haftasiga kamida bir marta sport, fitnes yoki ko‘ngilochar jismoniy mashqlar bilan shug‘ullangan, bu shundoq ham sport bilan ko‘p shug‘ullaniladigan Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Sportdagi milliy muvaffaqiyat odatda kengroq ma’nodagi kuchli tomonlarni aks ettiradi. Ko‘pgina demokratik davlatlar singari hamma uchun sport maydonchalari va murabbiylarni ta’minlay olgan mamlakat hamma uchun sog‘liqni saqlash tizimi va maktablarni ta’minlashda ham yaxshi bo‘ladi. Boy va demokratik bo‘lish, yaxshi ma’lumotli va sportda yaxshi bo‘lish, umuman olganda, bir narsaning [umumiy] bo‘laklari hisoblanadi. Boy mamlakatlardagi aksariyat odamlar sport bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi va ulardan bir nechtasi oxir-oqibat Olimpiya medallarini qo‘lga kiritadi.

Kambag‘alroq mamlakatlarda kamroq odamlar bunday imkoniyatga ega bo‘ladilar. Sohil bo‘yida o‘zining futbol bo‘yicha mahoratini oshirayotgan braziliyalik bolakaylar haqidagi doim aytiladigan gaplarni unuting. Bular istisnolar hisoblanadi. Dunyodagi ko‘plab kambag‘al insonlarning Olimpiya o‘yinlaridagi salohiyati tug‘ilishdan oldin oziq-ovqat yetishmasligi tufayliyoq yo‘qqa chiqqan. Shuningdek, Braziliya, Hindiston yoki Afrikaning katta shaharlarini aylanib, o‘yin maydonlarini qidirib ko‘ring. Hukumatdagilar kamdan-kam hollarda bunday imkoniyatni yaratadi. Keniya, Efiopiya va Yamayka kabi Parij o‘yinlarida eng muvaffaqiyatli bo‘lib turgan kambag‘al davlatlar asosan muvaffaqiyat qozonish uchun eng kam xarajat talab qiluvchi sport turlari — bir nechta yugurish musobaqalaridagina medallar uchun kurashadilar. Xitoy iqtisodiyoti yuksalishidan oldin kamtarona natijalar qayd etib kelgani va o‘shandan beri Olimpiya medallari jadvalida ko‘tarilib kelayotgani bejiz emas.

Qisqasi, Marshanni olqishlagan o‘sha fransuz muxlislari ham kattaroq narsani olqishlashdi. U g‘olib jamiyatda suzmoqda.