2028-yilda Los Anjelesda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik Parijdagi o‘yinlar natijalaridan kerakli xulosalar va saboqlarni chiqargan holda “hozirdan boshlanishi kerak”. Bu haqda Ўзбекистон prezidenti Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni 2024-yilgi Olimpiada g‘olib va sovrindorlari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Parijdagi Olimpiada O‘zbekiston uchun mamlakat mustaqil taraqqiyoti tarixidagi eng muvaffaqiyatlisi bo‘ldi. Respublika jami 13 ta medal (8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza) bilan umumiy medallar hisobida 206 ta davlat orasida 13-o‘rin, Markaziy Osiyoda 1-o‘rin, MDHda 1-o‘rin, Osiyoda 4-o‘rinni egalladi.

Davlat rahbari sportning deyarli barcha turlari bo‘yicha milliy terma jamoa uchun tarixiy natijalar qayd etilganini bildirdi.

олимпиада 2024, олимпиада 2028, шавкат мирзиёев

“Sportchilarimizning ulkan g‘alabalari nafaqat xalqimizni, balki butun mintaqamizni ruhlantirib yubordi”, deya prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov iqtibos keltirdi. “Bunday yutuqlar xalqlarimizni birdamlikka, har qanday sharoitda ham yelkama-yelka turishga chorlagani qalbimizni faxru g‘ururga to‘ldirdi”, — dedi prezident.

“Gazeta.uz” yozganidek, o‘zbekistonlik boks murabbiyi Akmal Hasanov qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘lining Olimpiada finaliga chiqishiga yordam berdi. Shavkat Mirziyoyev bu “mintaqadagi do‘stona munosabatning yorqin namunasi bo‘lganini” ta’kidladi.

“Ahil qo‘shnichilik tamoyillariga qurilgan siyosatimiz bugun xalqlarimiz yuragiga ko‘chganini ko‘rish albatta quvonchlidir”, — dedi davlat rahbari.

Parijdagi o‘yinlar natijalarini tahlil qilib, 2028-yilgi Olimpiadaga tayyorgarlik “hozirdan boshlanishi kerak”, dedi u.

Shavkat Mirziyoyev suvga sakrash, sinxron suzish, suv polosi, yengil atletika, eshkakli, baydarka va kanoeda suzish, velosport, o‘q otish va kamondan otish, gimnastika bo‘yicha O‘zbekistonda sport federatsiyalari, musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko‘rish uchun qulay baza, iqtidorli sportchilar mavjudligini ta’kidladi.

Biroq mamlakatda chim ustida hokkey, basketbol, gandbol, regbi, suv polosi kabi jamoaviy sport turlari, yunon-rum kurashi, ot sporti, zamonaviy beshkurash, triatlon, qilichbozlik bo‘yicha ham hali ishga solinmagan imkoniyatlar juda ko‘pligi qayd etildi.

“Oldimizda to‘rt yil vaqt bor. O‘ylaymanki, sport federatsiyalari rahbarlari o‘zlariga xulosa qilib, Los Anjelesda bo‘lib o‘tadigan olimpiadaga munosib tayyorgarlik ko‘radi”, — dedi u.

Bunga erishish uchun “sportchilarni tayyorlash bo‘yicha katta dasturlar” qabul qilinadi. Har bir yo‘nalishda sport meditsinasi, farmakologiyasi, diyetologiyasi, psixologiyasi va muhandisligi bo‘yicha chet eldan malakali mutaxassislar jalb etiladi.

Olimpiya shaharchasida ilg‘or xorijiy tajriba asosida musobaqalar va mashg‘ulotlar o‘tkazishning alohida tizimi yaratiladi.

Bahodir Jalolov, Oksana Chusovitina maktablari kabi ixtisoslashgan sport muassasalari har bir hududda har bir sport yo‘nalishi bo‘yicha tashkil qilinadi.

олимпиада 2024, олимпиада 2028, шавкат мирзиёев

Bundan tashqari, joylarda, ayniqsa, mahallalarda yangi iqtidor egalarini aniqlash, ularni maqsadli saralash asosida xalqaro turnirlarga tayyorlash bo‘yicha maxsus dastur joriy etish topshirildi.

“Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston — Olimpiada o‘yinlarida nafaqat kurashchi-pahlavonlar yurti, balki chavandoz va yuguruvchilar, mergan va qilichbozlar, gimnast va suzuvchilar, futbolchi va tennischilar, marafonchi va velosportchilar mamlakati sifatida ham munosib ishtirok etishi kerak”, — deya ta’kidladi prezident.

Buning uchun mamlakatdagi zarur sport infratuzilmasiga ega bo‘lgan 15 ta Olimpiya va paralimpiyaga tayyorlash markazi, 6 ta Respublika oliy sport mahorati maktabi, 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabiga ana shu yo‘nalishlarda yuqori mahoratli sportchilarni tarbiyalagan mahalliy va xorijiy trenerlarni biriktirish lozimligi ta’kidlandi.

Hukumatga sport federatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda har tomonlama asoslangan takliflarini kiritish topshirildi.

Prezident ommaviy sportni rivojlantirish milliy olimpiya harakatining ajralmas qismiga aylanishi kerakligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning navbatdagi Olimpiadadagi bosh maqsadi kuchli 10 likka kirish bo‘lishi kerakligini aytdi.

Avvalgi yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston quyidagi natijalarga erishgan edi:

  • Parij-2024 — 13 ta medal bilan 13-o‘rin (8−2−3);
  • Tokio-2020 — 5 ta medal bilan 32-o‘rin (3−0−2);
  • Rio-2016 — 13 ta medal bilan 21-o‘rin (4−2−7);
  • London-2012 — 4 ta medal bilan 48-o‘rin (1−0−3);
  • Pekin-2008 — 6 ta medal bilan 40-o‘rin (1−2−3);
  • Afina-2004 — 5 ta medal bilan 34-o‘rin (2−1−2);
  • Sidney-2000 — 4 ta medal bilan 43-o‘rin (1−1−2);
  • Atlanta-1996 — 2 ta medal bilan 58-o‘rin (0−1−1).

Eslatib o‘tamiz, Olimpiada g‘olib va sovrindorlariga davlat mukofotlaridan tashqari 50 dan 200 ming dollargacha bo‘lgan pul mukofotlari, Tahoe va BYD Song Plus avtomobillari, shuningdek, ikki qavatli kottej va xonadonlar topshirildi.