26-avgust kuni Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarga himoya orderi berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar berdi Norma.uz.

O‘zgartirish va qo‘shimchalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarga himoya orderini YAIDXP orqali berish;
  • himoya orderini elektron shaklda berish;
  • himoya orderini berish jarayonini avtomatlashtirish;
  • himoya orderini profilaktika inspektori tomonidan tashabbus tartibida berish.

Hujjatda himoya orderi profilaktika inspektori tomonidan tazyiq va zo‘ravonlik holati yoki ularning yuzaga kelish xavfi aniqlangan paytdan boshlab 24 soat ichida berilishi belgilangan. Bunda YAIDXP orqali himoya orderini rasmiylashtirish va berish bepul amalga oshiriladi.

1-dekabrdan boshlab bir kalendar yili davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zo‘ravonlik holati aniqlanganda, himoya orderi profilaktika inspektori tomonidan uning tashabbusi bilan beriladi.