Prezidenining Fuqarolik jamiyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonida jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari ko‘zda tutilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari raislari fuqarolik jamiyati institutlari vakillari orasidan tasdiqlanadi.

Har yili jamoatchilik kengashlarining faoliyati samaradorligi baholanadi va uning natijalari e’lon qilinadi.

Jamoatchilik kengashlarining faol a’zolari davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moddiy rag‘batlantirib boriladi.

“Yuksalish” harakati har yili jamoatchilik kengashlari faoliyat samaradorligini baholab, uning natijalarini o‘z rasmiy veb sayti hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qiladi.

Davlat organlari hamda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga ikki oy muddatda o‘zlarining huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini qayta tashkil etish, shuningdek, “Yuksalish” harakatiga uning so‘roviga asosan jamoatchilik kengashlari faoliyatiga doir ma’lumotlarni taqdim etib borilishini ta’minlash topshirildi.

Adliya vazirligi uch oy muddatda “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunni jamoatchilik nazorati mexanizmlarini yanada kengaytirish nuqtai nazaridan takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak.

Bunda quyidagilarni ta’minlash zarur:

  • jamoatchilik nazoratining ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan ta’sirchan shakllari;
  • jamoatchilik nazoratining har bir shaklini amalga oshirish mexanizmi va tartib-taomillari;
  • jamoatchilik nazoratining natijalariga ko‘ra yakuniy hujjatlarni rasmiylashtirish, jamoatchilik nazorati obyektiga kiritish va ularni ko‘rib chiqishning aniq tartibi va muddatlari;
  • davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini tartibga solish.

Farmonda yuqoridagilardan tashqari, davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar bo‘yicha loyihalarni tanlashda shaffoflikni oshirish, imtiyozlar berish va boshqalar nazarda tutilgan.