28-avgust kuni maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova 2022-yil dekabr oyida ushbu lavozimga tayinlanganidan keyingi ilk matbuot anjumanini o‘tkazdi.

Jurnalistlarni qiziqtirgan savollardan biri: o‘qituvchilarning maoshi qachon avval e’lon qilingan 1000 AQSh dollariga yetishi bo‘ldi, deb yozadi “Gazeta.uz” muxbiri.

“O‘qituvchilar oyligi oshishi biz uchun ham juda muhim. Va bu bo‘yicha hozirda [Iqtisodiyot va] moliya vazirligi bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz”, — dedi vazir.

Bugungi kunda o‘qituvchilarning o‘rtacha ish haqi 3,4 million so‘mni tashkil etadi, ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 13,3 foizga ko‘paygan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maoshlardagi farqlar, jumladan, o‘qituvchilarning malaka darajasiga bog‘liq (19-iyun kuni prezident bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda oliy va birinchi toifali o‘qituvchilarning maoshlarini oshirish taklif qilingan edi).

“Hozir alohida ish olib borilyapti. Lekin bir narsani aytishim kerak, 1000 dollardan oshiq olayotgan o‘qituvchilarimiz ham bor… Har bir sohaning KPI’lari (asosiy faoliyat ko‘rsatkichlari — tahr.) bor. Ya’ni bizda ham, mana, maktabgacha ta’lim tizimida, umuman, ustozlarimizga bir nechta yo‘nalishlar qo‘yilgan. Misol, agar toifasi yuqori bo‘lsa, qo‘shimcha oylik qo‘shiladi… Olimpiadaga o‘quvchi chiqargan bo‘lsa, bunga ham ustama. Mana hozir sertifikatlash [til va boshqalar] uchun ham mablag‘lar ajratilgan”, — deydi Hilola Umarova.

2022-yildan buyon maktab va maktabgacha ta’lim vazirining jamg‘armasi faoliyat ko‘rsatadi, undan saralash testlarida eng yuqori ball to‘plagan o‘qituvchilarga har oy 5,7 million so‘m miqdorida mukofot puli to‘lanadi. Chekka hududlarda ishlashga rozi bo‘lgan o‘qituvchilarga esa 3,7 million so‘mlik ish haqi to‘lanadi.

Hilola Umarovaning ma’lum qilishicha, bugungi kunda qariyb 545 ming nafar o‘qituvchining 6 ming nafardan ortig‘i (1,1 foizi) 1000 dollardan ortiq maosh olmoqda va bu raqam yildan-yilga ortib bormoqda.

2023-yil avgust oyida O‘zbekistonda 6 million so‘mdan 10 million so‘mgacha maosh oluvchi o‘qituvchilar soni 23 ming kishini (umumiy o‘qituvchilar sonining 4,3 foizi), 10 million so‘mdan ortiq oladiganlari — 1000 nafardan ortiqni (0,18 foiz) tashkil etishi ma’lum qilingan edi.

Ilgari mamlakatdagi 500 ta maktabda mezonga asoslangan (100 ballik) baholash tizimi joriy etilgandi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tizimga o‘tgan maktab o‘qituvchilari ham ustama olishi mumkin bo‘ladi.

“Yildan-yilga bunday rag‘batlar [ko‘paymoqda], qo‘shimcha KPI’lar desak ham bo‘ladi, ya’ni ustozlarimizga imkon berilyapti oylik maoshlari ko‘tarilishida”, — dedi u.

Vazir o‘rinbosari Temurjon Komilovning aytishicha, ayni damda barcha o‘qituvchilarga birdek 1000 dollar berishning imkoni yo‘q.

Kerakli malaka va pedagogik mahoratga ega bo‘lgan o‘qituvchilar uchun qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi to‘lovlar olish imkoniyati yaratildi. Malakali o‘qituvchilarni rag‘batlantirishning yangi mexanizmlari ham ishlab chiqilmoqda, dedi u.

Unga ko‘ra, Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligining joriy yilgi budjeti 46,6 trillion so‘m bo‘lib, uning 84,7 foizi yoki 36 trillion so‘mi (oyiga 3 trillion so‘m) ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ularni 545 ming o‘qituvchi va 200 ming nafar pedagog qabul qiladi.

“Bitta narsani inobatga olaylik, achchiq bo‘lsa ham, balki ko‘pchilikka yoqmasa ham, pedagoglarga. 434 ming pedagogik stavkaga 547 ming pedagog ishlab kelmoqda, bunisi ham bor. Buning orasida o‘rta maxsuslar ham ishlab kelyapti, nafaqada bo‘lganlar ham ishlab kelyapti… Hamma birdek 1000 dollar oladi, degan narsa bu — utopiya. Bitta o‘qituvchining oyligini 1 million [so‘m]ga bir oyga oshiradigan bo‘lsak, bir yilga 7 trillion so‘mdan (taxminan 553 million dollar — tahr.) ziyod mablag‘ degani”, — dedi u.

2024-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi deyarli 3,5 million so‘mga yetdi, bu esa respublika bo‘yicha o‘rtacha ish haqidan (5,09 million so‘m) sezilarli darajada past. Sog‘liqni saqlash bilan birga, bu ikki soha ish haqi bo‘yicha oxirgi o‘rinni egallaydi va bir necha yillardan beri boshqa sohalarga qaraganda sekinroq o‘smoqda. “Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekistonning turli hududlari va turli sharoitlardagi o‘qituvchilarning mehnat faoliyati haqida yozgandi.

12-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev 1-oktabrdan budjet sohasi xodimlarining ish haqini 10 foizga, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining ish haqini 15 foizga oshirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

2020-yil noyabr oyida prezident o‘qituvchilar va shifokorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ularning maoshlarini oshirish rejasini ma’lum qilgan edi. “O‘qituvchi 1000 dollar olmaguncha ishga kelmasligi kerak. Shifokor bilan ham xuddi shunday. Agar shifokor 1000 dollar olmasa, ertaga bolalari, nevaralarini qanday ovqatlantiradi?” — degandi davlat rahbari. U “Biz buni qila olamizmi?” deb so‘ragan va “Qila olamiz”, deb javob bergandi. Keyinchalik o‘qituvchilarning maoshini 1000 dollargacha oshirish rejalari yana bir necha bor aytildi.